My.gov.uz va Uzum Bank hamkorlik shartnomasi tuzdi. Hamkorlar O‘zbekiston aholisi uchun budjet to‘lovlarini soddalashtirish hamda fintex vositalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Foydalanuvchilar endi davlat xizmatlarini olishda qulay naqdsiz to‘lov usulini tanlashi mumkin: shaxsiy mablag‘lar hisobidan yoki muddatli to‘lov asosida.

“Aholining davlat xizmatlaridan foydalanish qulayligini oshirish maqsadida biz my.gov.uz va Uzum Bank o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasini tuzdik. Endi my.gov.uz orqali pulli davlat xizmatlarini olishda to‘lovlarni Uzum Bank ilovasidagi shaxsiy mablag‘lardan to‘lash yoki Uzum Nasiya orqali muddatli to‘lov rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Fuqarolarimiz o‘z xarajatlarini rejalashtirish va zarur xizmatlarni vaqtida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — izoh berdi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Anvar Mansurov.

“O‘rtacha hisobda my.gov.uz'dagi har to‘rtinchi murojaat pulli xizmatlar bilan bog‘liq. Davlat xizmatlari uchun to‘lovlar boshqa har qanday xaridlar kabi qulay bo‘lishi uchun biz yagona portalda zamonaviy fintex vositalarini joriy etdik. Endilikda foydalanuvchi bir necha klik orqali xizmatni rasmiylashtirishi va ilovada to‘lov usulini tanlashi mumkin: karta yoki yangilanuvchi limit orqali. Undan mikroqarzni Uzum kartaga o‘tkazish yoki xizmatni nasiyaga xarid qilish maqsadida foydalanish mumkin. Xarajatlarni rejalashtirish osonlashadi va xaridni ortga surishga hojat qolmaydi”, — qayd etdi Uzum Fintech davlat idoralari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sofya Nazmetdinova.

Har kuni my.gov.uz'dan 300 mingdan ortiq kishi foydalanadi. 2024-yilda yuborilgan umumiy arizalar soni 32 milliondan oshdi. Uning yordamida foydalanuvchilar zarur hujjatlarni tezkor olishi, ID-karta, xorijiy pasport, diplom nusxasi, litsenziya va ruxsatnomalar uchun so‘rov yuborishi hamda boshqa vazifalarni onlayn yechishi mumkin.

Reklama huquqlari asosida.