Baxtiyor Rustamov milliy matolar ixlosmandlariga “adraschi amaki” sifatida yaxshi tanish. Bu biznesga qiyinchiliklarni yengib o‘tish harakarati ortidan kirib kelgan Baxtiyor aka qariyb 30 yildan buyon savdo bilan shug‘ullanadi.

U Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida tug‘ilgan, oliy ta’limni poytaxtda — Toshkent davlat yuridik universitetida olgan.

Oilaviy ehtiyojlari sababli savdo bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Ayolining qo‘llab-quvvatlashi bilan esa tadbirkorlikka jiddiy kirishadi va birgalikda “Adraschi amaki” do‘koniga asos soladilar.

Baxtiyor Rustamov savdo sohasi bilan qanday shug‘ullana boshlagani, o‘zbek milliy matolarining o‘ziga xosligi hamda bu bozorga ta’sir qiluvchi salbiy omillar haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


$90 bilan boshlangan biznes

Ota-onasiz o‘sganim bois yoshligimdan tez-tez maktab almashtirardim, qiyinchilik shunda edi. Lekin bu ta’lim olishimga to‘siq bo‘lmagan.

Do‘kon ochib, milliy matolarimizni sotishni boshlashimga sababchi insonlardan biri ayolim edi. O‘sha kezlarda, u bilan Toshkent shahrida ijarada turardik. Bir kuni uy egasi 5 kunda xonadonni bo‘shatib berishimizni aytib qoldi. Shunda ijara uydan chiqib ketishimizga to‘g‘ri kelgan, bo‘lmasa yangi kelin-kuyov edik. Mavjud bo‘shliqni to‘ldirish uchun esa, o‘z-o‘zidan harakat qilishga to‘g‘ri kelarkan.

Ayolimni “bicho” deb chaqirardim. Bir kuni u bilan savdo-sotiq bilan shug‘ullansam, qanday qaraysiz, deb maslahatlashdim. To‘g‘ri, u moddiy yordam bermasligi mumkin, lekin bu tashabbusimga xayrixohlik qilib, qo‘llab-quvvatlashining o‘zi menga katta kuch berishiga ishonganman. Ayollarga ishonch bildirsangiz kam bo‘lmaysiz. Yosh o‘tgani sari bir narsaga amin bo‘lib boryapman, hamma narsa yaxshilikka bo‘larkan, neki yomon narsalarni yaxshilikka yo‘yarkansiz.

Shunday qilib, ayolim bilan 1996-yilning kuz oylarida bozorni o‘rganib, milliy matolarimizga bo‘lgan talab yuqori ekanligini ko‘rganmiz. Natijada, “Chorsu” savdo markazining bir burchagidan kichkinagina joy olib, qo‘limizda bor bo‘lgan $90 mablag‘ bilan savdoni boshlab yubordik.

Bu joyni o‘zimizga yoqqani uchun tanlaganmiz, unda qandaydir muhim strategiya yo‘q edi. Eng qiziq tomoni, savdoni shunchaki tavakkal qilib boshlaganmiz. Jarayon esa mijozlarni o‘zimizga jalb qilish, reklama va daromad pastligi kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Bugungi kunga kelib esa, bu kabi to‘siqlarga yechim sifatida zamonimizga moslashgan holda ijtimoiy tarmoqlarda do‘konimiz sahifalarini faol yuritishni boshladik, natijada bu samara bera boshladi.


Savdoda muhimi nutq va til bilish

Savdo-sotiq degani faqat pul sanash emas. Odamlar sizning mahsulotingizni xarid qilishmasa ham, qidirib kelishayotganining o‘zi quvonarli va bu katta yutuq.

Savdoda nutq juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa xaridor bilan gaplashayotganingizda so‘zlarni o‘rinli qo‘llashga e’tibor berish lozim. Kitob mutolaasi, ta’lim haqida ko‘p gapiraman. Ba’zilarga bu yoqmasligi ham mumkin lekin kitobda gap ko‘p. U orqali to‘g‘ri muloqot qilishni, so‘zlarni topib o‘z o‘rnida qo‘llashni o‘rganish mumkin.

O‘zbek milliy matolariga chet ellik turistlar katta qiziqish bildirishadi. Ular bilan muloqot qilish uchun esa rus va ingliz tillarini bilish kerak. “Adraschi amaki"ning yutuqlaridan biri ham aynan shunda — turistlar, shahrimiz mehmonlari bilan ularning tilida bemalol muloqot qila olamiz. O‘z navbatida bu mavjud matolarimiz sotuvida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Nutq haqida yana bir gap: gapirishda urg‘uni to‘g‘ri qo‘ya bilish kerak. Shunda xaridorga gapingiz yetib boradi va nutqingiz ham ravon chiqadi.

Milliy matolar bozoriga nimalar salbiy ta’sir qiladi?

O‘zbek milliy matolaridagi ranglar, uslub va naqshlarning takrorlanmasligi uning eng katta yutug‘idir. Biroq, Xitoy va mahalliy tadbirkorlar tomonidan milliy matolarning bosib chiqarilishi bozorni sindirmoqda.

Tabiiy ipakdan qilingan matolarimizda “o‘zbekcha hid” bor. Tanaga tegishi bilan o‘zidan yoqimli mayinlikni beradi. Bosib chiqarilayotgan matolar yorqin tusda bo‘lishi mumkin lekin unda haqiqiy ifor va mayinlik yo‘q.

Bundan tashqari, har bir ipakdan qilingan mato bitta asar, ayniqsa ancha yillar avval mohir ustalar tomonidan yaratilgan atlas-u, adraslarimizning naqshlari, g‘oyalari takrorlanmas bo‘lgan. Hozirgi ustalar bunday naqshlarni takrorlay olmaydilar: harakat qilish mumkin, biroq undagi tabiiy iforni tiklash mushkul.

Bosma matolar 15 ming so‘mdan, tabiiy ipakdan tayyorlangan matolar esa 85 ming so‘mdan sotilmoqda.

Tabiiy atlas-u, adraslarni bo‘yaydigan bo‘yoqchi 300 metr matoni bo‘yagani uchun 200−300 ming so‘m atrofida daromad oladi. Lekin bitta matoni tayyorlashga 3−4 kun ketishini hisobga olsak, bu kuniga taxminan 80−100 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Quvonarlisi, odamlar qilgan mehnatiga xursand bo‘ladi.

Maslahat. Yoshlarning eng katta yutuqlaridan biri bu ta’lim olishni tanlayotganidir. Bu orqali ertaga kim bo‘lishlaridan qat’i nazar, ular o‘zlariga mustahkam poydevor yaratishadi. Qilayotgan ishlarim o‘lmaydi, deb harakat qilishlari lozim. Shunda muvaffaqiyat har doim ular bilan bo‘ladi. Tadbirkorlikka hunar sifatida qarab, faqat pul topishni emas, qilayotgan ishlarini yaxshi ko‘rishni o‘rganishlari kerak.