Avvalroq 30-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Unda mahalla va xonadonlarda muzlatkich, qadoqlash, quritish, qayta ishlash omborlari va issiqxonalar qurilib, aholiga 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan tayyor holda berilishi ma’lum qilindi.

Tomorqa xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 17,5%li imtiyozli kredit ajratiladi. Aholi va dehqonlarning eng namunali loyihalari uchun har yili 20 mlrd so‘mlik grantlar e’lon qilinadi. Bunda 500 ta mahalladagi eng zo‘r loyihaga 40 mln so‘mdan grant beriladi.

Shu bilan birga, mahallada eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta-dehqonlarga 100 mln so‘mgacha, qisqa muddatli o‘quv kursini tashkil qilganlarga 5,5 mln so‘m subsidiya ajratiladi. Suv ta’minoti og‘ir joylarda yomg‘ir suvini to‘plash va saqlash sig‘imini qurish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga kredit ajratishda garov talab qilinmaydi. Bunda sug‘urta polisining o‘zi yetarli bo‘ladi. Dehqonlarga ortiqcha hujjatlarsiz imtiyozli kredit beriladi.

Tomorqa va dehqon xo‘jaligi yerlari, ularda yetishtirilgan mahsulot hisobini yuritish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Buning uchun yil yakunigacha tomorqalar va ekin yerlari alohida tasniflanadi. Ularda nima ekilgani “onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi.

Avvalroq oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 300 mln so‘mgacha shartsiz kredit berilishi haqida xabar berilgandi.