“Google” “Mendan so‘rang” (“Ask for me”) nomli yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.
Funksiya foydalanuvchi nomidan turli xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarga qo‘ng‘iroq qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanadi.
Qayd etilishicha, funksiyaning maqsadi — foydalanuvchilarga telefonda gaplashishga vaqt sarflamasdan, tovarlar mavjudligi va narxlari haqida ma’lumot olishga yordam berish hisoblanadi.
Qayd etilishicha, “Mendan so‘rang” funksiyasi hozricha “Search Labs” tajriba dasturida qatnashayotgan foydalanuvchilarga taqdim etilgan.
Undan foydalanish uchun mahalliy xizmatlar, masalan, “moy almashtirish” yoki “yaqin atrofdagi manikyur salonlari” kabi so‘rovlarni amalga oshirish yetarli. Shundan so‘ng “Boshlash” tugmasi bilan “Mendan so‘rang” varianti paydo bo‘ladi.
So‘ngra foydalanuvchi xizmat turini (masalan, “shinalarni almashtirish”, “fransuz uslubidagi manikyur” yoki “ichki dizayn”) va vaqt chegaralarini ko‘rsatgan holda so‘rov tafsilotlarini kiritishi kerak bo‘ladi.
Shundan keyin “Google” sun’iy intellekti mahalliy tashkilotlar va do‘konlarga qo‘ng‘iroq qilib, narxlar va mavjudlik haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi hamda sizga ularning qisqacha mazmunini yuboradi.
Funksiyaning g‘oyasi oddiy: foydalanuvchilar vaqtini tejash. Ko‘pchilik odamlar kompaniyalarning chaqiruv markazlariga qo‘ng‘iroq qilishni yoqtirmaydi, ayniqsa, aloqa liniyasida uzoq kutishga to‘g‘ri kelsa. Yangi funksiya jarayonni avtomatlashtirish orqali bu zaruriyatni bartaraf etadi.
Avvalroq “Spot” “Samsung” va “Google” birgalikda kengaytirilgan reallik ko‘zoynagini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.
Biroq kompaniyalar hozircha qurilmaning texnik tafsilotlari va taxminiy chiqish sanasi haqida ma’lumot bermagan.