O‘zbekiston va Ozarbayjon ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Bu bo‘yicha mamlakat elchixonasida ikkita mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar ikki davlat fuqarolarining ID-kartalarini chegaradan o‘tish uchun rasmiy hujjat sifatida tan olish imkoniyatini muhokama qildi.

Mazkur qadam fuqarolar harakatini soddalashtirish, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirishi qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar bu sayohat qilish qulayligini oshirishini va mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiyani yaxshilashini kutmoqda.

2023-yilning sentabridan O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara-bojxona postlaridan ID-karta orqali o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Bu xorijga chiqish pasportisiz chegarani kesib o‘tish va qo‘shni mamlakat hududida 60 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beradi.

2024-yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda ID-kartalarni o‘zaro tan olishni taklif qildi. Undan keyin, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov mamlakat bilan bu tartibini joriy etish muhokama qilinayotganini xabar berdi.

Noyabr oyiga kelib, davlat rahbari Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

Avvalroq 1-iyuldan O‘zbekistonda pasport va ID-karta kabi 17 turdagi hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinishi haqida xabar berilgandi. Banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida ularning qog‘oz nusxalari talab etilmaydi.