AQShning “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi bilan O‘zbekistonda 2035-yilgacha energetikani rivojlantirish bo‘yicha master-reja ustida ishlash ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

30-yanvar kuni agentlik hamda “BCG” vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur hujjat energetik resurslarga bo‘lgan talab, ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining uzoq muddatli prognozini o‘z ichiga olishi qayd etildi.

Master-reja mamlakatning energetik o‘tish jarayoni, jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gaz prognozi, generatsiya quvvatlarini taqsimlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishini belgilab beradi. Muhokamada uni takomillashtirishda hisobga olinishi kerak bo‘lgan bir qator muhim jihatlar qayd etildi.

Xususan, unda metan va propanni asosiy daromad manbai sifatida ishlatayotgan o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olinishi lozimligi ta’kidlandi.

Yirik iste’molchilar uchun energiya samaradorligini oshirish birlamchi vazifa sifatida belgilandi. Bu iste’mol xarajatlarini va energiya tizimiga tushadigan yukni kamaytirishda yordam berishi ta’kidlandi. Ikkinchi navbatda, ishlab chiqarish tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, ijtimoiy muassasalar uchun barqaror gaz ta’minotini ta’minlashda maktablar, shifoxonalar va budjetdan moliyalashtiriladigan boshqa muassasalar gaz bilan uzluksiz ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi. Ularning hozirgi darajadagi energiya ta’minotini saqlab qolish orqali budjetga tushadigan yuk ortib ketishining va aholi uchun qo‘shimcha xarajatlarning oldi olinadi.

Ko‘mir hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishning ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, hamda mavjud issiqlik elektr markazlari iste’mol qiladigan gaz hajmini keskin qisqartirishning oldini olish muhimligi qayd etildi.

Issiqlik elektr markazlari qo‘shimcha energiya generatsiyasiga tayanch zaxira sifatida samarali ishlashi uchun gaz quvvatlarini qayta taqsimlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga xususiy sektor va autsorsing kompaniyalarini jalb etish ko‘rib chiqildi. Bu taqsimot samaradorligini oshirish, xizmat sifatini yaxshilash va barqaror yetkazib berishni ta’minlash imkonini beradi. Tomonlar bu taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda master-rejani takomillashtirishga kelishib oldilar.

2023-yilning sentabrida Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda “BCG” kompaniyasi raisi Rich Lesser hamda Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari Rza Nuriyev bilan master-rejani ishlab chiqish masalasini muhokama qilgandi.

Avvalroq Energetika bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev elektr energiyasi sohasida bozor mexanizmlari va shaffof savdo platformasini yaratish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar bilan ishlar olib borilayotganini qayd etgandi. Bular qatorida AQShning “BCG” va Germaniyaning “DNV” kompaniyasi bor.