2024-yilda so‘mning real samarali almashuv kursi (REER) 5,9% ga mustahkamlandi. Bu haqda Markaziy bank taqdimotida keltirilgan.
23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov o‘tgan yil so‘nggi oylarida real samarali almashuv kursining ma’lum darajada mustahkamlanishi qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lganini qayd etdi.
Buning sabablari qatorida rergulyator raisi savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi va O‘zbekistonda inflyatsiyaning bu mamlakatlarga nisbatan yuqori darajasini ko‘rsatib o‘tdi. O‘tgan yili inflyatsiya 9,8% ni tashkil etib, prognozdan yuqori bo‘ldi. Joriy yilda Markaziy bank inflyatsiyaning 7−8% gacha sekinlashishini prognoz qilmoqda.
“Joriy yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya darajasining pasayishi bilan real samarali almashuv kursi o‘rta muddatli trend darajasiga qaytishi kutilmoqda”, — dedi u.
2024-yilda o‘zbek so‘mi nisbatan 4,71% ga yoki mutlaq nisbatda 581,78 so‘mga — 12 920,48 so‘mgacha qadrsizlandi. Milliy valyutaning devalvatsiya sur’ati o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar sekinlashdi, biroq 2021 va 2022-yillarga nisbatan yuqoriligicha qoldi.
MHTI o‘tgan yilning iyul-sentabr oylarida so‘mning real samarali almashuv kursi pasayganini qayd etdi. Bu esa eksport narxlarining arzonlashishiga va import narxlarining qimmatlashuviga olib keladi. Bu eksportni oshirish, importni kamaytirish natijasida savdo balansini yaxshilash imkonini berishi mumkin.
Dekabr oyida “Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar va 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida suhbatlashdi.
Ekspertlar joriy yil yakuni bo‘yicha dollar kursi 13 340−14 ming so‘m oralig‘ida shakllanishini kutmoqda. Milliy valyuta oltinning sotilishi va o‘sishiga, jalb qilinadigan xorijiy kreditlar va investitsiyalarga, Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalar hajmiga, import oshishiga hamda global iqtisodiyot holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” yanvar oyida O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida xabar bergandi.