“Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi 2025-yilni AQSh dollariga nisbatan biroz qadrsizlanish bilan boshladi.
Yanvar oyida milliy valyutaning zaiflashishi 36,53 so‘mni yoki 0,28%ni tashkil etib, 12 957,01 so‘mni tashkil etdi. Oy davomida dollar bir tekisda ko‘tarildi va 23-yanvar kuni 12 990 so‘mdan oshib, yangi rekord o‘rnatdi. Biroq oyning so‘nggi haftasida so‘m biroz pasayib ketdi.
Yanvar oyida dollar kursi yetti marta rekordni yangilab, 22-yanvar kuni 12 990 so‘mni, 21-yanvar kuni 12 984,44 so‘mni, 20-yanvar kuni 12 975,09 so‘mni, 13-yanvar kuni 12 972,08 so‘mni, 8-yanvar kuni 12 962,98 so‘mni, 7-yanvar kuni 12 948,10 so‘mni, 4-yanvar kuni esa 12 942,01 so‘mni tashkil qilgandi.
Yanvar oyi boshida ba’zi tijorat banklarida dollar kursi 13 000 so‘mdan oshib ketdi. Amerika valyutasini eng qimmat narxda “Ipoteka-bank” — 13 035 so‘mga sotmoqda, eng foydali kursni esa “Anorbank”, “Asakabank” va “Biznesni rivojlantirish banki” taklif etmoqda — 12 920 so‘m.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71%ga (yoki mutlaq ifodada 581,78 so‘mga) qadrsizlandi.
“Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sur’atining sekinlashishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar hamda keyingi yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar borasida suhbatlashgandi.
“Kap Depo"ning investitsion bankiri Muzaffar Roziqovning fikricha, 2024-yilda o‘zbek so‘mining 5%dan kam devalvatsiyasi avvalgi yillar fonida sezilarli o‘zgarish bo‘lib, unga nisbatan ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.
“Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarov eksport faolligining yuqori darajasi, Markaziy bank siyosati hamda import o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi dollar kursini qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.
Roziqov 2025-yilda AQSh dollarining kursi 13 340 so‘mdan oshishini, Nazarov esa kurs 14 ming so‘mdan pastda qolishi mumkinligini prognoz qilmoqda.