Uchta hududda tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Mirobod tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda “A.B.” MCHJ mas’ul shaxslari umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.
Natijada 252 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, Departamentning Piskent tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “O.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.
Buning natijasida 134,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Narpay tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda “A.S.” fermer xo‘jaligi rahbari S.I. tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida esa 112,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Surxondaryoda 223 mln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani yozgandi.
Xususan, Muzrabot tumanida fuqaro tabiiy gaz tarmog‘iga, Oltinsoy tumanida esa elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgan.