Oltinning birja kotirovkalari narxi yuqorilab, bir troya unsiyasi uchun $2800ga yaqinlashdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $2794,4ni tashkil qildi.
O‘zbekiston Markaziy bankining 31-yanvar kuni bo‘yicha bergan ma’lumotida oltin quymalarning 1 grammi uchun narx 1 mln 197 ming so‘mgacha yuqoriladi.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 985 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 970 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 23 mln 940 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 59 mln 849 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 119 mln 698 ming so‘mni tashkil qiladi.
Avvalroq Shveysariyaning “UBS Group” investitsiya banki tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib oltinning bir troya unsiyasi $2900ga yetishi haqida xabar bergandi.
Ularning fikricha, bu geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklarning xaridlari va investorlarning qimmatbaho metallga qiziqishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Kelgusi ikki yil ichida oltin narxining oshishi AQSh Kongressida Respublikachilar partiyasining ustunligini, investorlarning sarmoyalarni diversifikatsiya qilishga bo‘lgan yuqori qiziqishini va global noaniqlikning yuqori darajasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, makroiqtisodiy o‘zgaruvchanlik va geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklarning xaridlari va oltinga strategik investitsiyalar qimmatbaho metall narxiga ta’sir qiladi.
Buning natijasida “UBS” tahlilchilari 2026-yil oxiriga kelib oltin unsiyasi $2950gacha qimmatlashishini kutmoqda.
“Goldman Sachs” tahlilchilari, o‘z navbatida, oltin narxining keyingi yil oxirigacha $3000gacha qimmatlashishini bashorat qilmoqda.
Shuningdek, ular bunga markaziy banklarning xaridlari va Federal zaxira tizimi foiz stavkalarining pasayishi ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda.
Bundan tashqari, “Goldman Sachs” Trampning Xitoydan tovarlar importiga 60%lik boj joriy etish rejasi oltinni spekulyativ sotib olishga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.