Litva O‘zbekiston fuqarolariga ishchi viza berish muddatini qisqartirmoqchi. Bu haqda Migratsiya agentligi mabuot xizmati xabar berdi.

Vilnyus shahrida agentlik vakillari bilan Litva Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Alisiya Sherbaite va Migratsiya departamenti direktori Evelina Gudzinskayte o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Unda mamlakatda ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqoriligi va migratsiya jarayonlarini tartibli tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar o‘zbekistonliklarga ishchi vizani taqdim etish davrini qisqartirish masalasini ko‘rib chiqdi. Amalda bu 3 oydan ortiqni tashkil etadi.

Buning uchun agentlik va vazirlik Litvada ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga “QR-kod” xizmatini ko‘rsatadi. Bu bo‘yicha tegishli hujjatni imzolashga kelishildi.

Shuningdek, delegatsiya Litva Ijtimoiy himoya va mehnat vazirligi rahbariyati va tizim tashkilotlari mas’ullari bilan uchrashdi. Vazirlik ish beruvchilardagi vakant lavozimlarning hisobi va xorijiy fuqarolarni ishga yollash bo‘yicha taklifnomalar nazoratini amalga oshiradi.

2025-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, Litvada ishchi viza asosida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni qariyb 9 ming nafarni tashkil etadi. Xorijdan jalb qilingan ishchilar soni bo‘yicha hamyurtlar uchinchi o‘rinda turibdi.

Joriy yilda mamlakatdagi doimiy ish o‘rinlariga 2 ming, mavsumiy ishlarga esa kamida 500 nafar o‘zbekistonlik jalb qilinadi.

Bundan oldin Latviya O‘zbekistondan borgan ishchilar uchun kvota belgilashni bekor qilgani haqida xabar berilgandi. “Kreiss” logistika kompaniyasi bilan joriy yilda 400 nafar haydovchini ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Buyuk Britaniya esa fuqarolar uchun mavsumiy ishlarga kvotalar sonini oshiradi. Migratsiya agentligi mamlakatning rekruting operatorlari bilan nomzodlarni topish va imtihonlarni shaffof tashkil etishga kelishib oldi.