Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda kartoshka narxi qimmatlagani bo‘yicha izoh berdi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Food City” dehqon bozorida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 8,5 ming so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga, minimal narx — 7,5 ming so‘m, maksimal narx esa 9 ming so‘mga yetgan.

Hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5−6 ming so‘mdan sotilmoqda. Toshkentdagi yirik bozorlarda esa narx 9−10 ming so‘m atrofida shakllangan.

Vazirlik kartoshkaning qimmatlashishiga bir qator omillar sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Buning asosiy sababi takroriy ekilgan maydonlardan yetarli hosil olinmagani bilan izohlandi.

Xususan, noyabr-aprel oylarida iste’mol uchun 1,7 mln tonna kartoshka zarur bo‘lsa, 2024-yil hosili uchun takroriy maydonda 1 mln tonna yetishtirilgan. Yig‘ilgan hosil esa talabning faqat 44%ini qoplaydi.

Shu bilan birga, takroriy ekish uchun urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa resurslar qimmatlashgan. Vazirlikning qayd etishicha, 1 gektar kartoshka ekish uchun 55−60 mln so‘m sarflanmoqda va bu boshqa ekinlarga nisbatan 2−2,5 barobar ko‘pdir.

Oxirgi 4 yilda kartoshka narxi 173% ga oshgan. Azotli o‘g‘it 173%, kaliyli o‘g‘it 175%, kimyoviy vositalar 202%, dizel yoqilg‘isi 178%, mexanizatsiya xizmatlari 170% va elektr energiyasi 180% qimmatlashdi.

2024-yilda suv soliqlari va QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlarning bekor qilinishi ham kartoshka tannarxiga ta’sir qilgan.

Narxlarni barqarorlashtirish uchun 245,6 ming tonna kartoshka zaxiraga olindi va 9,9 ming tonna mahsulot bozorlarga chiqarildi. Arzonlashtirilgan yarmarkalarda kartoshka narxi 4−4,5 ming so‘mdan sotiladi.

Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Erondan 94,2 ming tonna kartoshka import qilindi, jarayonlarga to‘sqinlik qiluvchi ayrim transport muammolari bartaraf etilmoqda. Masalan, Sariq dovon ochilishi natijasida import hajmi ko‘paygan. Korxonalarga qo‘shimcha temir yo‘l vagonlari ajratildi.

Bundan tashqari, vazirlik kartoshka narxini pasaytirish uchun amaliy ishlar rejalashtirilganini, 2025-yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekilishini ta’kidladi. Vazirlik fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishini, aprel-may oylarida esa pasayishini kutmoqda.

30-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 290 ming gektar maydonda kartoshka ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanayotgani ta’kidlangandi. Buning sababi esa nav va hosildorlik yaxshi emasligida.

Joriy yilda kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Xorijdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. 2027-yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, kartoshka hisob-kitobi yuritiladigan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qatoriga kiradi. Ekin maydonini 16 ming gektarga kengaytirish orqali 166 ming gektar yerda kartoshka ekish belgilangan. Ehtiyojdan kelib chiqib, 5 ming gektarda qo‘shimcha mahsulot yetishtiriladi.