“Xotin-qizlarning pillachilik sohasidagi bandligini bosqichma-bosqich ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan xotin-qizlarni soha bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitish va ularni jalb qilishning asosiy parametrlari hamda bosqichma-bosqich ta’minlash tizimi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Asosiy parametrlarga muvofiq qisqa muddatli o‘quv kurslarini tamomlagan xotin-qizlarning bandligi ustuvor ravishda pillachilik klasterlari, ipak qurti urug‘chiligi korxonalari, pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga mavsumiy hamda doimiy ishlarga qabul qilish orqali ta’minlanadi.

Har chorakda hududlardagi ishsiz va band bo‘lmagan aholi, jumladan, xotin-qizlar ro‘yxati shakllantiriladi. Kurslar o‘tilishi belgilangan joylar tayyorlanadi va har chorakda ikki kunlik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Bunda o‘quv kurslarini tamomlaganlarga sertifikat beriladi. Ularni o‘qitishga Xitoy, Vetnam, Hindiston va Yaponiyadan ipakchilik sohasidagi mutaxassislar jalb qilinadi.

2025−2026 yillarda pillani qayta ishlash korxonalari, tutchilik xo‘jaliklari va urug‘chilik sohasida ishlashni xohlovchi tinglovchilar klaster va fermer xo‘jaliklariga biriktiriladi. Kurslarni tamomlaganlar bilan esa doimiy yoki mehnat shartnomasi tuziladi.

Xonadoniga ipakchilik sanoatini olib kirish istagidagi kurs ishtirokchilari ipakchilik klasterlari tomonidan qo‘lda ipak gilam va ipak mato to‘qish bo‘yicha uch oy o‘qitilib, dastgohlar yetkazib beriladi. Ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlar shartnoma asosida yig‘ib olinadi.

Shuningdek, hujjat bilan xotin-qizlarning pillachilik sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish uchun vaqtinchalik ajratilgan o‘quv joyi manzillari tasdiqlandi.

Pillachilik sohasida band bo‘lgan fuqarolarning ma’lumotlari “yangiish.mehnat.uz” platformasiga kiritib borilishi ta’minlanadi.

Avvalroq qizlar uchun bepul SMM kursining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Dasturga Toshkentda yashovchi 500 nafar ishtirokchi tanlab olinadi. Arizalarni 5-fevralgacha onlayn jo‘natish kerak.