Surxondaryo viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Muzrabot tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda fuqaro M.R. o‘ziga tegishli novvoyxonada tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida 160,1 mln so‘mlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi, Departamentning Oltinsoy tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “J.I.” MCHJ rahbari H.Q. aholiga suyultirilgan gaz tarqatish shoxobchasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgan.
Buning natijasida esa 62,9 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Samarqandda qariyb 360 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqarolar elektr uskunalarini umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulab olgani aniqlangan.