Yettita davlat banki “United Ventures” qo‘shma investitsiya fondini ta’sis etdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlarida keltirilgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “United Ventures” kompaniyasi 2025-yilning 27 yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan.
Uning ustav kapitali 525 mlrd so‘mni tashkil etadi (Markaziy bank kursi bo‘yicha $40,51 mln), rahbari esa Qurbonov Azizbek Avazovich.
“United Ventures” ta’sischilari sifatida “Asakabank,” “Mikrokreditbank”, “O‘zmilliybank”, “Xalq banki” va yana uchta yuridik shaxs ko‘rsatilgan. Ularning har biri kompaniyaning 14,28%iga egalik qiladi. “Biznesni rivojlantirish banki” va “Turonbank” venchur fonddagi ulushni sotib olgani haqidagi ma’lumotlarni joylashtirdi. Oxirgi ta’sischi — “Agrobank”.
Azizbek Qurbonov o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida “O‘zbekistonning yettita yetakchi banki” tomonidan tashkil etilgan $40 mlnlik “United Ventures"ga bosh direktor sifatida o‘tganini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, venchur fondning maqsadi “istiqbolli mahalliy startaplarga sarmoya kiritish va strategik moliyalashtirish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari yordamida rivojlanayotgan startap ekotizimini yaratish"ga qaratilgan.
“Ko‘pchiligingiz bilasiz, men “Sug‘urta Bozor"ning hammuassisi bo‘lganman va bu yo‘l bir vaqtning o‘zida ham murakkab, ham foydali bo‘ldi. Chuqur mulohazalardan so‘ng o‘zimni yangi vazifaga to‘liq bag‘ishlash uchun bu lavozimdan ketishga qaror qildim”, — deya yozdi Qurbonov.
Bundan tashqari, u “United Ventures"ning reja va tashabbuslarini “yaqin haftalarda” taqdim etishga va’da berdi, inkubatsiya va akseleratsiya dasturi tashkilotchilarini hamkorlikka taklif qildi.
2024-yilning dekabr oyida “IT Park” o‘zining $10 mlnlik venchur fondi — “IT Park Ventures"ni ishga tushirdi. Investitsiya fondi uchun ustuvor yo‘nalishlarga sun’iy intellekt, fintex, “yashil” yechimlar va geymdev kiradi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat banklariga bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami $50 mln ajratish topshirilgandi. Shu bilan birga, ular startaplarni biznesga aylantiruvchi akseleratorlar ochishlari kerakligi ta’kidlandi.