“O‘zsanoatqurilishbank” qoshida “SQB Ventures” venchur fondi tashkil etildi. Bu haqda moliya tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.

Bankning “SQB Capital” sho‘ba korxonasi ta’sischiligida ochilgan kompaning ustav kapitali ma’qullangan loyihalar asosida bosqichma-bosqich shakllantiriladi.

“„SQB Ventures“ nafaqat moliyaviy xizmat ko‘rsatish, balki loyihani ishlab chiqish, ishbilarmonlik strategiyasini to‘g‘ri yo‘naltirish va bozorga chiqishga ko‘maklashadi. Bu orqali tadbirkorlar va yosh startapchilar o‘z g‘oyalarini amalga oshirish va biznesni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, “O‘zsanoatqurilishbank"ning 2026-yilgacha mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida ham venchur moliyalashtirishga e’tibor qaratilgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, 2024-yil oxirida “Aloqabank"ning kuzatuv kengashi “Aloqa Ventures-2"ni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sho‘ba kompaniyalar va affillangan shaxslar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi muhim faktlar 30-yanvar kuni Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilindi.

Bu davlat bankining ikkinchi venchur fondi bo‘lib, birinchi fond — “Aloqa Ventures” 2021-yilda tashkil etilgan.

2024-yil dekabr oyida “IT Park” o‘zining $10 mlnlik venchur fondi — “IT Park Ventures"ni ishga tushirdi. Investitsiya fondi uchun ustuvor yo‘nalishlarga sun’iy intellekt, fintex, “yashil” yechimlar va geymdev kiradi.

Shu oyda Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishda bank sektorining ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat banklariga mahalliy startaplarga $50 mlngacha mablag‘ ajratish uchun venchur fondlar tashkil etish topshirildi.

Joriy haftada yettita davlat banki tomonidan $40 mlnlik “United Ventures” venchur fondi tashkil etildi. “Sug‘urta Bozor"ning sobiq hammuassisi Azizbek Qurbonov qo‘shma investitsiya fondining bosh direktori bo‘ldi.

Avvalroq farmatsevtik startaplarni moliyalashtirish uchun venchur jamg‘arma tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.