O‘zbekiston 2025-yilda sun’iy intellekt sohasidagi etika standartlarini integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 31 yanvar kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan Digital Almaty 2025 xalqaro raqamli forumida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.
Aripov 2024-yilda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda 2030-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanganini ta’kidladi.
Hujjatda quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan:
- sun’iy ongga asoslangan dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatish hajmini $1,5 mlrdga yetkazish;
- sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan 10 ta ilmiy laboratoriya yaratish;
- katta ma’lumotlarga ishlov berish va sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun yuqori unumli server yo‘riqnomasini shakllantirish;
- hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi reytingida O‘zbekistonning Top-50 talikka kirishi.
Bu maqsadlarga erishish uchun bir qator ustuvor vazifalar belgilab olingan. Ular orasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish va sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash bor.
Xususan, O‘zbekiston va BAA 1 mln sun’iy intellekt yaratuvchilarini tayyorlash dasturini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ikkinchi yo‘nalish — iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish. Bugungi kunda 20 dan ortiq loyihalar, jumladan, “PalmPay” metroda kaft orqali to‘lov, mobil ilovalarda “MyID” va “FaceID” raqamli identifikatsiyasi, Yagona portal va Soliq qo‘mitasi tizimida virtual yordamchilar hamda “LexAI” huquqiy platformasi ishga tushirildi.
Hukumat rahbari buning natijasida O‘zbekiston 2024-yilda “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorligi reytingi"da 87-o‘rindan 70-o‘ringa ko‘tarilganini ta’kidladi.
Uchinchi yo‘nalish sifatida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash uchun IT-infratuzilmasini rivojlantirish belgilangan. Mamlakat sun’iy intellektni tartibga solish standartlarini ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash va infratuzilmani yaratish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda.
2025-yildan O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi ishga tushirildi. Startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini qo‘shma akseleratsiya va venchur investitsiya dasturlarini amalga oshirish orqali rivojlantirish taklif etilmoqda.
Yaratilayotgan “misli ko‘rilmagan” imkoniyatlarga qaramay, Abdulla Aripov sun’iy idrok tomonidan “jiddiy tahdidlar” borligini ta’kidladi. Xususan, bu huquqiy himoya, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning axloqiy tamoyillarini tartibga solish, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonlarining shaffofligini o‘z ichiga oladi. Bu esa “xavfsizlikni ta’minlash uchun e’tibor va kelishilgan harakatlarni” talab qiladi, dedi u.
“Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sun’iy intellekt sohasidagi axloqiy tamoyillar qabul qilingan. O‘zbekiston shu kabi standartlarni joriy yilning o‘zida integratsiya qilishni rejalashtirmoqda”, — dedi bosh vazir.
Bundan tashqari, hukumat raisi hamkorlarni 2025-yilning 7−8-avgust kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan MDH mamlakatlarida sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston YOIIning yagona bojxona tranziti tizimiga qo‘shilishi mumkinligi haqida yozgandi.