O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) va uchinchi tomonlarning yagona bojxona tranziti tizimiga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda 31-yanvar kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.

O‘zbekiston hukumati rahbari notarif to‘siqlarni bartaraf etish tashabbusini ilgari surdi. Xususan, O‘zbekiston va YOII o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarini o‘zaro qo‘llamaslik to‘g‘risida bitim loyihasini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasida yuk tashish tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirish uchun O‘zbekistonning YOII va uchinchi tomonning yagona bojxona tranziti tizimiga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqish niyatidamiz”, — dedi Aripov.

Bosh vazir, shuningdek, sanoat tarmoqlaridagi kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning YOIIda ishga tushirilgan mexanizmiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston YOII bilan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni maqsad qilgan. Yagona raqamli makonni shakllantirish uchun Abdulla Aripov mamlakatni YOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va “Digital Union” (raqamli ittifoq) raqamli loyihasiga ulash taklifini bildirdi.

Bundan tashqari, hukumat rahbari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining innovatsion usullarini joriy etish, seleksiya va aqlli qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy ishlarni kuchaytirish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta’minlash muhimligini qayd etdi. O‘zbekiston YOII a’zolari bilan “yaqin va samarali hamkorlikni faol rivojlantirish"ni rejalashtirmoqda, dedi u.

2023-yil noyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashi YOII va uchinchi tomonlarning yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi. Hujjat nazorat qiluvchi xizmatlarning harakatlarini minimallashtirish orqali ham, biznesning qo‘shimcha xarajatlarini qisqartirish orqali ham tashish tartibini soddalashtirish va optimallashtirishga qaratilgan.