27-yanvar kuni uy-joy qurilishi sohasini rivojlantirish, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank va Adliya vazirligining “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini joriy etish taklifi ma’qullandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash;
  • mavjud yer resurslaridan samarali (intensiv) foydalangan holda uy-joylar qurilishini tashkil qilish;
  • uy-joy qurilishi sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;
  • uy-joylarni ulush kiritish va ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatini yaratish;
  • uy-joylar qurilishida energiya samarador qurilish materiallaridan foydalanishni ommalashtirish.

“Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili doirasida 2025-yilning 1-iyulidan qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar tomonidan ulushdorlarning mablag‘larini ulush kiritish asosida jalb qilish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan obyekt qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shartnoma bo‘yicha ulushdorning talab qilish huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga va ulushli shartnomani garov predmeti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Ulushli shartnoma bo‘yicha mablag‘lar ulushdor tomonidan vakolatli bankda quruvchi, ulushdor va tegishli bank o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ochilgan “eskrou” hisobvarag‘iga ularning hisobini yuritish uchun joylashtiriladi va deponentlanadi.

Ulushdorlarning uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari va quruvchining majburiyatlari yuzasidan “eskrou” hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mablag‘larni xatlash yoki hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qurilishni moliyalashtirish quruvchining o‘z mablag‘lari, banklar tomonidan loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kreditlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda quruvchi tomonidan obyektni qurish ishlari umumiy hajmining kamida 30%i o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgandan so‘ng bank tomonidan quruvchiga maqsadli kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Banklar tomonidan quruvchilarga loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kreditlarning yillik foiz stavkasi “eskrou” hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar hajmidan kelib chiqib belgilanadi. “Eskrou"-hisobdagi mablag‘lar ko‘payishi bilan kredit foiz stavkasi pasaytirib boriladi.

Ulushli shartnomaga asosan qurilgan va ishlar tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berilgandan so‘ng “eskrou"-hisobda deponentlangan mablag‘lar quruvchiga ajratilgan kreditini so‘ndirishga yo‘naltiriladi, qolgan qismi esa quruvchiga o‘tkazib beriladi.

Quruvchi va ulushdor tomonidan ulushli qurilish obyektini ulushdorga topshirish to‘g‘risidagi dalolatnoma imzolanadi. Ulushdorning obyektga bo‘lgan mulk huquqi kadastr organlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Ishlar o‘z vaqtida tugallanmagan va foydalanish uchun ruxsatnoma olinmagan obyekt bo‘yicha har bir kechikkan kun uchun alohida qat’iy belgilangan jarimalar joriy qilinadi. Shartnomadagi muddatlar faqat ulushdor roziligi bilan qo‘shimcha shartnoma orqali uzaytiriladi.

Bunda obyekt loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan muddatdan 6 oy o‘tgandan keyin foydalanishga topshirilgan taqdirda, ulushdor “eskrou"-hisobidagi deponentlangan mablag‘larni ulushli shartnomani bir tomonlama bekor qilish orqali qaytarib olishi mumkin.

Shuningdek, obyektdan foydalanish uchun ruxsatnomasi bo‘lmaganlarining qurilishiga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish uchun turar va noturar joyni naturada olish huquqini beruvchi qimmatli qog‘ozlarni taklif qilish va sotish hamda belgilangan tartibga javob bermaydigan boshqa shartnomalarni tuzish taqiqlanadi.

Avvalroq quruvchi tashkilotlar 12 oygacha yer solig‘idan ozod etilishi haqida xabar berilgandi. Fuqarolarga qurilishi bitmagan uylar uchun ham ipoteka va subsidiya olish imkoni beriladi, shu bilan birga, ular uy bitmasdan turib ham boshqaga sotishi mumkin bo‘ladi.