“Meridiam” investitsiya kompaniyasi Toshkent-Andijon pullik yo‘li qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmarti xabar berdi.

30-yanvar kuni vazir o‘rinbosari Ilhom Umrzakov “Meridiam” fondining Yevrosiyo bo‘yicha direktori Remi Xassenforder boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda DXShning yangi innovatsion modeli asosida mamlakatning turli viloyatlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qurish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa infratuzilma obyektlari sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

“Meridiam” vakillari mamlakatdagi ijtimoiy va transport infratuzilmasi sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirib, buning uchun innovatsion moliyaviy yechimlar taklif qilishga tayyorligini ta’kidladilar.

Xususan, Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish loyihasiga qiziqish bildirildi.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayyorliklarini qayd etdilar.

Bundan oldin Transport vazirligi Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender e’lon qilgandi. Loyiha doirasida Toshkentdan Qamchiq dovonigacha 171 km masofada trassa qurilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda pulli yo‘l

2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.

Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi mumkin.

Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Qurilish jarayoni 2024-yilning dekabridan boshlanishi kerak edi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.

Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasi Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilishga qiziqish bildirgan. Biroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning fikricha, bunda muqobillik ta’minlanishi shart.

“Meridiam” xalqaro investitsiya fondi 2005-yilda tashkil etilgan. Uzoq muddatli ijtimoiy infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va boshqarishga ixtisoslashgan global investor va aktivlarni boshqaruvchi kompaniya ofisi Parijda joylashgan. Fond asosan Yevropa, Shimoliy Amerika va Afrikadagi jamoat infratuzilmasiga sarmoya kiritadi.