2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda banklarning umumiy foydasi qariyb ikki barobarga kamayib, 7 trln so‘mdan pasaydi. Bu haqda operativ ma’lumotlarga tayanib, “Bankers.uz” nashri xabar berdi. Aksariyat banklarning to‘rtinchi chorakdagi moliyaviy hisobotlari hali Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilinmagan.
Ko‘plab mahalliy banklar davlatga qarashli bo‘lib, faqat tijorat muassasalari sifatida emas, balki rivojlanishga yo‘naltirilgan tashkilotlar sifatida faoliyat yuritadi. Bu ularning davlat tomonidan sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlanishini izohlaydi, bu esa sof bozor sharoitida ularning daromadliligini obyektiv baholashni qiyinlashtiradi.
O‘tgan yilda quyidagi 10 ta bank eng daromadli bo‘ldi:
- “O‘zmilliybank” — 1,72 trln so‘m;
- “Hamkorbank” — 1,42 trln so‘m;
- “O‘zsanoatqurilishbank” — 1,3 trln so‘m;
- “Kapitalbank” — 1,15 trln so‘m;
- “Ipak Yo‘li Bank” — 910,5 mlrd so‘m;
- “Orient Finance Bank” — 901,1,7 mlrd so‘m;
- “Trastbank” — 807,4 mlrd so‘m;
- “KDB Bank” — 526,9 mlrd so‘m;
- “Asia Alliance Bank” — 400,6 mlrd so‘m;
- “Davr bank” — 389,9 mlrd so‘m.
Bu davrda “TBC Bank” 341 mlrd so‘m foyda ko‘rsatdi. Keyingi o‘rinlarda “Xalq banki” va “InfinBank” mos ravishda 268,5 va 241,7 mlrd so‘m bilan turibdi.
Quyidagi 7 ta bank 50 mlrd so‘mdan 200 mlrd so‘mgacha foyda olgan:
- “Anor bank” — 190,3 mlrd so‘m;
- “Aloqabank” — 190 mlrd so‘m;
- “Universal bank” — 156,1 mlrd so‘m;
- “Octobank” — 150,7 mlrd so‘m;
- “Uzum bank” — 85,9 mlrd so‘m;
- “Ziraat bank” — 79,5 mlrd so‘m;
- “Agrobank” — 69 mlrd so‘m.
Navbatdagi 7 ta bank 50 mlrd so‘mdan kamroq foyda ko‘rdi:
- “Asakabank” — 41,6 mlrd so‘m;
- “Tenge Bank” — 36,2 mlrd so‘m;
- “Saderat Bank” — 25 mlrd so‘m;
- “Turonbank” — 23,2 mlrd so‘m;
- “Poytaxt Bank” — 15 mlrd so‘m;
- “Mybank” — 7 mlrd so‘m;
- “Smart Bank” — 2,1 mlrd so‘m.
Shuningdek, quyidagi 9 ta bank bu davrni zarar bilan yakunlagan:
- “Hayot bank” — 22,5 mlrd so‘m;
- “Yangi Bank” — 31,9 mlrd so‘m;
- “Yevroosiyo banki” — 39,1 mlrd so‘m;
- “Garant bank” — 64,3 mlrd so‘m;
- “Apex bank” — 75 mlrd so‘m;
- “AVO bank” — 93,3 mlrd so‘m;
- “Ipoteka bank” — 240,2 mlrd so‘m
- “Mikrokreditbank” — 1,7 trln so‘m;
- “Biznesni rivojlantirish banki” — 2,2 trln so‘m.
Oxirgi ikkita davlat banki — “Biznesni rivojlantirish banki” va “Mikrokreditbank” faoliyatini yirik miqdorda zarar bilan yakunlab, yetakchilik qildi. 22-yanvar kuni Markaziy bankda jurnalistlar bilan o‘tkazilgan media-muloqotda davlat banklari vakillari zararlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi.
Buning asosiy sabablari sifatida asosan yuridik shaxslarga berilgan muammoli kreditlar (NPL) keltirilgan. Natijada davlat banklari o‘z kapitali hisobidan zaxiralar yaratdilar, muddat o‘tgan sari zaxiralarga bo‘lgan talab ham yuqori bo‘ladi.
2025-yilda har ikkala banki ham muddati o‘tgan qarzdorlikni qaytarish orqali foydaga chiqishni rejalashtirmoqda. “Biznesni rivojlantirish banki” 1 trln so‘m, “Mikrokreditbank” esa 112 mlrd so‘m foyda olishni maqsad qilgan.
Avvalroq “O‘zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank” o‘z venchur fondlarini tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Dekabr oyida prezident davlat banklariga venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami $50 mln ajratishni topshirgan.