Buxoro va Toshkent viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulangan issiqxonalar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi, IIB va “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda “K.E.” MCHJ mas’ul shaxslari MCHJga qarashli Kogon tumanidagi issiqxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib olgani aniqlangan.

Natijadaj ami 3 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, “B.B.” MCHJ rahbari R.Sh. ijara shartnomasi asosida “K.E.” MCHJga tegishli issiqxonadan foydalanib kelgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 488,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Qibray tumani bo‘limi, DXX va “Qibraytumangaz” GTB xodimlari hamkorligida ham tezkor tadbir o‘tkazilga.

Unda aniqlanishicha, fuqaro X.T. tijorat maqsadida “Obod” MFY hududida joylashgan issiqxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga rezina shlang yordamida yashirincha ulanib olgan.

Buning natijasida esa jami 288,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” uchta hududda 499 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Toshkent shahrida fuqarolar gaz tarmog‘iga, Toshkent va Samarqand viloyatida esa elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.