1-fevral kuni mahsulot va xizmatlarni halol talablariga muvofiq sertifikatlashtirish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025-yilning 1-mayidan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) standartlari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat beriladi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan olti oyda “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini akkreditatsiyadan o‘tkazish topshirildi. Shu bilan birga, “Halol” belgisi shakli hamda o‘lchami belgilanishi kerak.

Sertifikat olish uchun talabgorlar arizani sertifikatlashtirish organiga elektron tarzda yo‘llaydi. Arizada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

  • hujjatlar nusxalari (texnologik yo‘riqnomalar, to‘ldiruvchi hujjatlar, retseptlar va mahsulot tarkibi haqida ma’lumot va boshqalar);
  • mahsulotdan foydalanish to‘g‘risidagi hujjat (yo‘riqnoma, qo‘llanma, reglament, tavsiyalar) nusxasi;
  • yorliq (o‘rov-idish) nusxalari yoki maketlari;
  • qo‘shiladigan qo‘shimchalar va ingridientlar tavsifi yoki “Halol” talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • mahsulotlar xavfsizligi va halol talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sinov bayonnomalari;
  • sinov laboratoriyasining akkreditatsiya guvohnomasi yoki shartnoma;
  • mahsulotlarni barqaror ishlab chiqarishni ta’minlovchi menejment tizimiga (ISO 9001, ISO 22000) ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
  • ariza beruvchining faoliyatiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan xavflar, inson va texnik resurslar tavsifi va boshqalar.

Sertifikatlashtirish organi ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar to‘plamini uch ish kunida ko‘rib chiqadi. Bir ish kunida arizani qabul qilish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ariza beruvchi xabardor qilinadi.

Ariza qabul qilingach sertifikatlashtirish organi ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi hamda hujjatlar ekspertizasi 15 kunda o‘tkaziladi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tuzatish choralari 3 oygacha muddatga amalga oshirilishi mumkin.

Ekspertiza natijalari ijobiy bo‘lganda yoki kamchiliklar bartaraf etilganda, joyiga chiqqan holda, mahsulot yoki xizmatlarning “Halol” talablariga muvofiqligi baholanadi.

Undan keyin o‘rganishlar natijasi bilan “Halol” muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilib, reyestrda ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda arizachiga taqdim etiladi. Sertifikat egasining faoliyati davriy baholanib boriladi.

Muvofiqlik sertifikati egasining murojaati yoki tashkilot faoliyati tugatilganda hamda davriy baholashda aniqlangan kamchiliklar 90 kunda bartaraf etilmaganda uning amal qilish muddati tugatiladi. Shu bilan birga, bunga talablarning qo‘pol buzilishi hamda sertifikatning soxtalashtirilishi ham ta’sir qiladi.

2024-yilning dekabr oyida davlat rahbari huzurida oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilgan ishlar va rejalar bo‘yicha yig‘ilishda mamlakatda “halol” sertifikatiga ega milliy brend korxonalari ko‘payib, mintaqa va arab davlatlariga go‘sht mahsulotlari eksport qilayotgani qayd etilgandi.