3-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati cheklangani haqida xabarlar tarqalgandi. “Hududgazta'minot” bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

“UzGasTrade” tomonidan gaz quvurlarida yuzaga kelgan avariya holatini bartaraf etish ishlari amalga oshirilishi sabab, magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi yuzasidan ogohlantirish berilgan.

Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun 3-fevral kuni ayrim ulgurji iste’molchilarga cheklovlar kiritildi.

Kompaniya matbuot xizmatining qayd etishicha, hozirda avariya holati bartaraf etilgan va gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda.

2024-yilning dekabr oyi boshida Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.

Haydovchilarni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun tovar-xom ashyo birjasi savdolariga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi. Energetika vazirligi talab va taklifdan kelib chiqib, taklif hajmini qo‘shimcha oshirish mumkinligini ta’kidladi.

Oy oxirigia kelib, metan “zapravka"lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar olib tashlanishi mumkinligi xabar berildi. Energetika vazirligi matbuot kotibi quvurlardagi tabiiy gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishini bildirdi. Undan keyin cheklovlar yumshatila boshlandi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi AGTKSh 2,8 mlrd so‘mlik gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Jami 1,1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan bo‘lib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.