Avvalroq qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi prezidentning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida noqonuniy reklamalarni aniqlash topshirildi.

Bunda ulush kiritish asosida qurish uchun mablag‘larni jalb etuvchi quruvchilarning elektron ro‘yxatiga kiritmasdan reklama qilinayotgan obyektlar ma’lumotlari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga taqdim etib boriladi. Qo‘mita esa bu bo‘yicha quruvchiga belgilangan tartibda choralar ko‘radi.

Shuningdek, “eskrou” tizimi ishga tushgunigacha noqonuniy qurilishlarni aniqlash va chora ko‘rish hamda ulushdorlar huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan ishlar kuchaytiriladi. Bu bo‘yicha ishlarni amalga oshirish Qurilish vazirligi, nazorat inspeksiyasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga topshirildi.

2024-yil boshida mamlakatda o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va “O‘zbekkosmos” boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilangandi.

Sentabrga kelib, pala-partish qurilish ko‘payib, aholida e’tirozlar yuzaga kelgani uchun vazirlik va inspeksiya hamda Bosh prokuraturaga byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Avvalroq ko‘p qavatli uy qurilishi uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi haqida xabar berilgandi.