Janubiy Koreyaning “Kia” kompaniyasi Rossiyadagi bo‘linmasi “Kia Rossiya va MDH” mamlakatda sotilgan 29 141ta “Kia Sportage” krossoverini qaytarib olishga qaror qilgani haqida “Rosstandart” matbuot xizmati xabar berdi.
Bu 2014−2016-yillarda sotilgan avtomobillarga taalluqli. Qaytarib olishning sababi sifatida ABS/ESC blokidagi ehtimoliy nosozlik ko‘rsatilgan.
“Rosstandart"ning tushuntirishicha, “ABS/ESC blokining elektr zanjiri ayrim holatlarda qisqa tutashuv bo‘lishi mumkin, bu esa tok kuchining haddan tashqari ortishiga olib keladi.” Bu esa dvigatel bo‘limida yong‘in chiqish xavfini oshirishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya federal agentligi xabariga ko‘ra, qaytarib olingan avtomobillarda ABS tizimining ko‘p funksiyali saqlagichi va saqlagichlar bloki qopqog‘ini almashtirish rejalashtirilmoqda.
“Kia Rossiya va MDH” chaqirib olinadigan avtomobillar egalariga xat yoki telefon orqali xabar beradi. Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ular uchun barcha ishlar bepul amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, Rosstandart 2015-yildan 2018=yilgacha sotilgan 729ta “Kia Quoris” (KH) rusumli avtomobillarni qaytarib chaqirishni e’lon qildi.
Qaytarib olishga sabab ESC barqarorlashtirish tizimidagi ehtimoliy nosozlik bo‘lib, bunda nosozlik chirog‘i yonib qoladi. “Rosstandart” ma’lum qilishicha, ushbu avtomobillarda ikkita ESC saqlagichi almashtiriladi.
Avvalroq “Spot” “BMW” AQShda 100dan ortiq “X4” krossoverini chaqirib olishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, qaytarib olishga avtomobillar tomi ichki qismida yoriq aniqlangani sabab bo‘lgan.