30-yanvar kuni chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

2025-yilda 3,2 mln tonnaga yaqin go‘sht, 1 mln tonna parranda go‘shti, 13,1 mln tonna sut va 10,5 mlrd dona tuxum ishlab chiqarish kutilmoqda. Parrandachilik mahsulotlari eksportining prognoz ko‘rsatkichi $180 mln etib belgilandi.

2025-yilning 1-aprelidan 2028-yilgacha chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQSning 50%i har oyning 25 sanasiga qaytarish joriy etiladi. Bu ishlab chiqarilgan mol va parranda go‘shti, sut hamda tuxum realizatsiyasidan tushgan tushum jami daromadning kamida 90% ni tashkil qiluvchi xo‘jaliklarga nisbatan tatbiq etiladi.

Parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun 1-fevralgacha Tiklanish va taraqqiyot jamgarmasining $50 mln mablag‘lari “Mikrokreditbank"ning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladi.

Bu orqali barcha hududlarda parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 mln aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha “Parranda boqish — daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi.

2028-yilgacha parrandachilik-naslchilik korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xo‘jaliklarga jo‘jalarni yetkazib berishda foydalaniladigan motorli transport vositalariga (TIF TN kodi 8704 22 920 9) import bojxona bojini 5% hamda dvigatelning har bir kub sm uchun $1,2 etib belgilanadi.

Naslchilik korxonalari uchun 50% pasaytirilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2028-yilgacha uzaytiriladi. Bu foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Chorva hayvonlari, jumladan, qoramol, qo‘y-echkilar va nasldor otlarning embrionlarini tayyorlash uchun veterinariya dori vositalarini hamda davlat veterinariya laboratoriya tekshiruvlarida qo‘llanadigan tashxis test tizimlarini olib kirishda ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bu bo‘yicha guvohnomani berishda ko‘rsatiladigan pulli xizmat uchun haq undirish bekor qilinadi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Veterinariya qo‘mitasi 2025−2026 yillarda xalqaro donorlardan, jumladan, OTB va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligidan yaylovlar degradatsiyasining oldini olish va qorako‘lchilik sohasini rivojlantirishga $50 mln jalb qilish choralarini ko‘radi.

Avvalroq O‘zbekistonning 7 ta viloyatida yaylov xo‘jaliklari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Ulardagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30 yilga ijaraga beriladi.