Avvalroq qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga 1-martgacha obyekt qurilishida quruvchilar tomonidan majburiyatlarni bajarmaslik xavfini sug‘urta qilish bo‘yicha mavjud sug‘urta mahsulotlari samaradorligini oshirish bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga taklif kiritish topshirildi.
1-iyungacha ILMA, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi bilan “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishi va 1-iyulgacha hukumatga kiritishi kerak.
Mazkur hujjat mablag‘larni jalb qilishda ipoteka kreditiga asoslangan yangi moliyaviy vositalarni joriy etishni, jumladan, ipoteka garovi bilan ta’minlanadigan qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, 1-martgacha uy-joy qurilishi sohasini rivojlantirishga qaratilgan “O‘z uyim” kompaniyasini tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, hukumatga kiritiladi.
2024-yilda O‘zbekistonda ipoteka krediti oluvchilar soni 16% ga kamayib, 58,8 ming nafarni tashkil etdi. Kreditning o‘rtacha miqdori 18% ga oshib, 290 mln so‘mdan oshdi. Birlamchi bozorning ulushi oshdi, yoshlarning ipoteka oluvchilar orasida ulushi esa kamaydi.
Avvalroq yangi qurilayotgan uy-joylar bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun 1-iyuldan “Shaffof qurilish” axborot tizimi doirasida elektron platforma ishga tushiriladi.