2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaydi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jahon banki bilan olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, o‘tgan yil kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafarga kamayib, 3,3 mln nafar kishini tashkil etdi.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori pasayish Buxoroda 11,8%dan 8,7%ga, Samarqandda — 10,5% dan 7,5% ga, Namanganda — 10,4% dan 7,6% ga hamda Qoraqalpog‘istonda 13,6% dan 10,8% gacha qayd etildi. Toshkent shahrida kambag‘allik darajasi deyarli o‘zgarishsiz qoldi — 7,9% dan 7,3% gacha.

Kambag‘allik darajasini pasaytirishga aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqa va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlardan foydalanishni oshirish choralari ta’sir qilgani ta’kidlandi.

2024-yilda aholining real daromadi 10,7% ga o‘sib, jon boshiga oyiga o‘rtacha 2,1 mln so‘mdan to‘g‘ri keldi. Yil boshida bu 1,7 mln so‘m bo‘lgan.

Aholi daromadlari tarkibida:

  • ish haqi — 42,6% (2023-yilda — 41,9%);
  • tadbirkorlikdan daromadlar — 22,9% (21,4%);
  • pensiya, ijtimoiy yordam va subsidiyalar — 18,2% (18,9%);
  • qishloq xo‘jaligi va tomorqadan daromadlar — 10,7% (9,8%);
  • xorijdan pul o‘tkazmalar — 2% (3,1%);
  • boshqa daromadlar — 3,6% (4,9%)ni tashkil etdi.

Aholining ish haqidan daromadlari esa 2023-yilga nisbatan 12,9%ga ko‘paydi.

Kelgusi uch yilda mamlakatda kambag‘allik darajasini 7% gacha qisqartirish rejalashtirilgan.

Yanvar oyida prezident aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari bilan tanishgandi. Unda 60 ta tuman va shaharni kambag‘allik va ishsizlikdan chiqarish belgilandi.