Ruminiya hukumati Tashqi ishlar vazirligi bilan stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Unda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan barcha mamlakatlardan nomzodlar Ruminiyada akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalaridagi bakalavr, magistratura hamda PhD darajalari uchun hujjat topshirishlari mumkin.
Nomzodlar tibbiyot, stomatologiya va farmatsevtika sohalaridan tashqari barcha sohalar bo‘yicha o‘zlarining qiziqishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini tanlashlari mumkin.
Bakalavriat darajasi uchun mo‘ljallangan to‘liq dastur mutaxassislikka qarab 3−6 yil, magistratura dasturlari — 1−1,5 yoki 2 yil, doktorlik dasturlari esa 3−5-yilgacha davom etadi.
Dastur asosan rumin tili va madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, bakalavr va magistratura darajalari uchun faqat rumin tilidagi dasturlar mavjud. Ruminiya tilini bilmaydigan nomzodlar universitetda o‘qishni boshlashlaridan oldin tayyorlov kurslarida o‘qitiladi.
PhD uchun esa ingliz tili yoki belgilangan chet tilidagi dasturni tanlash mumkin. Bundan tashqari, doktoranturaga kirish va stipendiya uchun nomzod ariza topshirishdan oldin doktorantura tyutorining yozma roziligini olishi va qabul suhbatidan o‘tishi shart.
Stipendiya uchun arizalar joriy yilning 12-martigacha faqat “Study in Romania” platformasi orqali qabul qilinadi.
Buning uchun nomzodlar platformada hisob yaratib, so‘ralayotgan ma’lumotlarni to‘ldirishi va quyidagi hujjatlarni yuklashi kerak:
- tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (yoki unga tenglashtirilgan hujjat) nusxasi;
- pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- CV;
- diplom nusxasi va transkriptlar;
- tadqiqotlar ishlarining nusxalari;
- doktorantura uchun ilmiy ishlar ro‘yxati va boshqalar.
Qabul qilinganlarning o‘qish to‘lovi, yotoqxona xarajatlari qoplab beriladi. Shuningdek, ularga quyidagicha oylik stipendiya ajratiladi:
- bakalavriatura — 65 yevro;
- magistratura — 75 yevro;
- doktorantura — 85 yevro.
Tanlov natijalari elektron pochta orqali iyun oyi oxirida e’lon qilinadi. Talabalar qabul qilish xatini olgandan so‘ng, elektron shaklda, platforma orqali stipendiyani qabul qilish yoki rad etish to‘g‘risidagi javobni yuboradilar. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Foydali havolalar:
Avvalroq “Turkiye Burslari” grant dasturiga arizalar qabuli qilinayotgani haqida xabar berilgandi.