Avvalroq qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan “Shaffof qurilish” axborot tizimi doirasida uy-joy qurilishi bo‘yicha elektron platforma ishga tushirilishi belgilandi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan uch oy ichida platformani yaratib, 2025-yilning 1-iyulidan to‘liq ishlashini ta’minlashi kerak.
Unga qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qiluvchi qurilish tashkiloti va har bir obyektning loyiha bo‘yicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yo‘laklari, xonadonlari va noturar joylar soni hamda ularning maydoni, tutash bo‘lgan hududlar, moliyalashtiruvchi bank, sotilgan turar va noturar joylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirib boriladi.
Shu bilan birga, qurilish reglamentlaridagi, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi, qurilish boshlanadigan va foydalanishga topshiriladigan muddat, uning holati kabi ma’lumotlar platformaga kiritilishi kerak.
Bunday ma’lumotlari joylashtirilmagan va platformadan kadastr organlariga maydonlari ko‘rsatilgan holda binoning alohida realizatsiya qilinadigan qismlari taqdim etilmagan obyektlar bo‘yicha tuzilgan ulushli shartnomalarga notarial harakatlar amalga oshirilmaydi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Ma’lumotlarni elektron platformaga joylashtirmagan quruvchi javobgar bo‘ladi.
Qurilish vazirligi obyekt qurilishini ro‘yxatdan o‘tkazishda loyiha bo‘yicha ma’lumotlarni platformaga joylashtiradi hamda kadastr organlari, banklar va notariuslarga ularni tekshirish imkoniyatini yaratadi.
Xaridorlar quruvchining ruxsatnomasi mavjudligini, uning reytingini, oldingi loyihalarini, ulushli qurilishdagi shartnomaviy intizomini, o‘z vaqtida foydalanishga topshirish muddatlarini elektron platforma orqali tekshirishlari mumkin bo‘ladi.
Ruxsat beruvchi hujjatlari rasmiylashtirilgan ulushli qurilish loyihalari doirasida quyidagilar taqiqlanadi:
- obyektlardagi xonalarning rejalashtirilishiga o‘zgartirish kiritish, platformada ro‘yxatga olingandan so‘ng arxitektura-shaharsozlik kengashlariga taqdim etish;
- ko‘p kvartirali uylar foydalanishga topshirilgunga qadar obyektlarning loyiha hujjatlariga va uni shaharsozlik ekspertizasiga yuborish;
- qurilish ishlari yakunlanmagan obyektlar joylashgan yer uchastkalarini boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi.
Shuningdek, Kadastr agentligi Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan 1-iyulgacha ulushli shartnoma bo‘yicha talab qilish va garov huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazishni nazarda tutuvchi ulushli shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va soliq organlariga elektron ravishda taqdim etish tizimini joriy etishi belgilandi.
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini amalga oshirish va joriy etish uchun loyiha ofisi tashkil etiladi. Loyiha ofisi 1-aprelgacha sohani kompleks isloh qilish, to‘sqinlik qiluvchi sabablarni bartaraf etish va moliyalashtirishni joriy etish bo‘yicha takliflarni prezident Administratsiyasiga kiritishi kerak.
Avvalroq ko‘p qavatli uy qurilishi uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi haqida xabar berilgandi.