AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada, Meksika va Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga yuqori bojxona tariflari joriy etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u yaqin kelajakda shunga o‘xshash choralar Yevropa Ittifoqiga nisbatan ham qo‘llanilishini ta’kidladi. Bu haqda “BBC” xabar bermoqda.

Nima bo‘ldi?

1-fevral kuni Tramp Kanada va Meksikadan tovarlarga 25%li tariflar, shuningdek, Xitoy importiga 10%li boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Oq uy o‘z qarorining sabablari sifatida quyidagilarni ko‘rsatdi:

  • meksikalik giyohvand moddalar kartellari Meksika hukumati bilan nomaqbul ittifoqqa ega;
  • Xitoy giyohvand moddalar prekursorlari oqimini to‘xtatish uchun zarur choralarni ko‘rmadi;
  • Kanadada sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarish ortmoqda va tadqiqotlar ko‘rsatishicha, Kanada fentanilning mamlakat ichidagi ishlab chiqarilishini kengaytirmoqda.

AQSh prezidenti Yevropa Ittifoqining ham zarba ostida qolishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi millionlab tovarlarni sotish orqali AQShdan “foydalanmoqda”, biroq ayni paytda Amerika mahsulotlari qattiq cheklovlarga duch kelmoqda.

aqsh sudi, boj, donald tramp, kanada, meksika, xitoy

Yevropa komissiyasi allaqachon Amerika tariflari joriy etilgan taqdirda “qat'iy javob” berishga tayyorligini ma’lum qildi. O‘tgan safar, 2018-yilda Tramp po‘latga 25%lik va alyuminiyga 10%lik boj joriy etganida, Yevropa Ittifoqi bunga javoban $6 mlrd miqdorida Amerika viskisi, mototsikllari va jinsi shimilariga soliq solish orqali o‘xshash choralar ko‘rgan edi.

Bunga qanday munosabat bildirishdi?

Kanada va Meksika javob tariflari joriy etilishini e’lon qildi. Kanada hukumati AQShdan keltirilgan $30 mlrdlik mahsulotlarga 25%lik boj solinishini ma’lum qildi, uch haftadan so‘ng bu ro‘yxat $86 mlrdgacha kengaytiriladi.

Sanksiyalarga tamaki mahsulotlari, maishiy texnika va harbiy uskunalar, keyinchalik esa avtomobillar, go‘sht mahsulotlari, po‘lat va alyuminiy tushadi.

“Biz bu vaziyatga tushib qolishni istamagandik, buni so‘ramagandik. Lekin kanadaliklar manfaatlarini himoya qilishda orqaga chekinmaymiz,” — deya ta’kidladi Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo.

Meksika ham Amerika mollariga tariflar kiritishga tayyorligini ma’lum qildi, ammo “zo‘ravonlik yo‘liga emas, muzokaralarga” afzallik berishini ta’kidladi.

Xitoy, o‘z navbatida, JSTga da’vo qilish niyatida ekanligini va “tegishli qarshi choralar” ko‘rishini ma’lum qildi.

Tariflarning joriy etilishi, ayniqsa, Irlandiya — AQSh eng yirik eksport bozori bo‘lgan mamlakatga kuchli zarba berishi mumkin. 2023-yilda Qo‘shma Shtatlar 54 mlrd yevro (mamlakat umumiy eksportining 28%i) miqdorida Irlandiya tovarlarini sotib oldi, 36 mlrd yevro farmatsevtika va kimyoga to‘g‘ri keldi.

Tramp avvalroq Irlandiya va Belgiyani AQS farmatsevtika kompaniyalari uchun ofshor sxemalar yaratishda ayblagan, bu esa AQSh xazinasiga soliq tushmasligiga olib keladi. Amerikalik iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, Irlandiyada korporativ soliqlarning pastligi transmilliy korporatsiyalarga AQShda soliq to‘lovlarini minimallashtirish imkonini beradi.

Yevropa Ittifoqi bilan keng ko‘lamli savdo urushi sodir bo‘lgan taqdirda, Germaniyaning avtomobilsozlik sohasi va Fransiyaning qishloq xo‘jaligi tarmog‘i eng zaif bo‘lib qolishi mumkin.

Endi nima bo‘ladi?

Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, tariflarning yangi to‘lqini amerikalik iste’molchilar uchun tovarlarning qimmatlashishiga olib keladi va boshqa mamlakatlarning javob choralarini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa global bozorda beqarorlikni kuchaytiradi.

Biroq Tramp o‘zining proteksionistik siyosati o‘zini oqlashiga ishonadi.

“Biz milliardlab dollar yo‘qotdik, boshqa mamlakatlarning bizni talon-taroj qilishiga yo‘l qo‘ydik. Ha, qisqa muddatli istiqbolda kichik muammolar bo‘lishi mumkin, ammo uzoq muddatli istiqbolda AQS faqat yutadi,” — dedi u.

Bu orada Kanada va Meksikada norozilik namoyishlari boshlandi. Kanada shaharlarida xokkey va basketbol o‘yinlari ishqibozlari AQSH madhiyasini hushtak bilan ijro etishmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda esa “Kanada sotib ol” kampaniyasi ommalashmoqda.

Yevropa Ittifoqi javob choralarini tayyorlamoqda va agar Vashington o‘z siyosatini o‘zgartirmasa, dunyo tarixdagi eng yirik savdo urushlaridan biriga duch kelishi mumkin.


Avvalroq “Spot” Tramp AQShda “TikTok"ni bloklash to‘g‘risidagi qonunning amal qilishini 75 kunga kechiktirgani haqida yozgandi.