Turkiya hukumati 2025-yil davomida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunlar qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘rolo‘g‘li “CNN Turk” telekanali efirida ma’lum qildi.

“Biz 16 yoshdan kichik yoshlarimizning ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligini xohlaymiz. Ularga buning nima keragi bor? Baribir u yerda ular uchun foydali hech narsa yo‘q. Yaqinda Turkiyada sodir bo‘lgan ayrim hodisalar buni tasdiqlaydi. 2025-yil davomida bir qator tartibga soluvchi choralarni qabul qilish uchun harakat qilmoqchimiz,” — deya ma’lum qildi vazir.

2024-yil avgust oyida Turkiyaning Eskişehir shahrida o‘smir ijtimoiy tarmoqlardan birida jonli efirga chiqib, pichoq va bolta bilan odamlarga hujum qilgan edi. OAV uning xatti-harakatlarini go‘yoki PUBG kompyuter o‘yinidan ilhomlangani bilan bog‘ladi.

Qayd etilishicha, Turkiyada o‘smirlar orasida mashhur bo‘lgan “Roblox” onlayn o‘yini 2024-yil avgustidan boshlab sud qarori asosida bloklangan. Adliya vaziri Yilmaz Tunch o‘yinning Adana bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov doirasida bloklanganini tasdiqladi.

Tergovning sababi o‘yinda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq kontentning mavjudligi bo‘lgan. Shuningdek, “Discord” platformasi ham xuddi shu tarzda bloklangan.


Avvalroq “Spot” Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlagani haqida yozgandi.

Endi texnologik kompaniyalar voyaga yetmagan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Aks holda, ularga $32 mln miqdorida jarima solinishi mumkin.

Bundan tashqarri, Indoneziya ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yoshni belgilashni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilindi.

Mamlakat aloqa vazirining qayd etishicha, ushbu qaror bolalarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, biroq u minimal yosh chegarasi qanday bo‘lishi haqida ma’lumot bermadi.

Shuningdek, Norvegiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun yosh cheklovlari kuchaytirilishi, minimal yoshni 13 yoshdan 15 yoshgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Mamlakat bosh vaziri Jonas Gahrning so‘zlariga ko‘ra, bu “bolalar ongini” texnogen gigantlar algoritmlarining salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.