AQSh tomonidan Xitoy, Kanada va Meksikadan keltirilayotgan mahsulotlarga import bojlarining joriy etilishi avtomobil konsernlariga yiliga $33 mlrd zarar keltiradi.

Nomura tadqiqot markazining hisob-kitoblariga ko‘ra, import hajmi hozirgi darajada saqlanib qolgan taqdirda, ishlab chiqaruvchilar AQShga avtomobillarni yetkazib berish uchun shuncha qo‘shimcha mablag‘ to‘lashga majbur bo‘ladi.

Qayd etilishicha, eng katta yo‘qotishlarga “General Motors”, “Stellantis” va “Toyota” duch keladi. Agar yetkazib berish hajmi 2023-yil darajasida saqlanib qolsa, ular AQShga avtomobil importi uchun mos ravishda $9,5 mlrd, $6 mlrd va $5,9 mlrd qo‘shimcha to‘lashga majbur bo‘ladi. “Ford” va “Honda” esa yiliga 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotadi.

Investorlar uchun Nomura hisob-kitoblari kutilmagan hodisa bo‘lmadi. Ular e’lon qilinishidan oldin ham jahon avtomobil ishlab chiqaruvchilarining aksiyalari savdosi keskin pasayish bilan boshlandi.

Xususan, “Volkswagen”, “BMW” va “Mercedes-Benz” qimmatli qog‘ozlari mos ravishda 5,5%, 4,85% va 4,7% ga tushdi. Parijda “Renault” va “Stellantis” aksiyalarining narxi 2,7% va 6% ga pasaydi.

Nyu-York fond birjasida birjadan tashqari savdolarida “Honda” aksiyalari 5,6% ga qimmatlashdi. Savdolarning dastlabki soatlarida yuqorida qayd etilgan aksiyalarning aksariyati pasayishda davom etdi.


Avvalroq “Spot” AQSh Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga yangi bojlar joriy etishi haqida yozgandi.

Donald Tramp ularni noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasida aybladi. Xuddi shunday choralar Yevropa Ittifoqiga qarshi ham ko‘zda tutilgan.