Vazirlar Mahkamasi 29 yanvar kuni fuqarolar, ularning avtotransport vositalari va tovarlari uchun davlat chegarasini kesib o‘tishni soddalashtirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Hujjatda chegarada avtotransport vositalari uchun “Elektron navbat” tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qoida mavjud. Prezident transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha qarorida 1 iyunga qadar ushbu tizimni ishga tushirishni topshirgan edi.

Tizim maxsus algoritm asosida chegarani kesib o‘tish navbatini belgilaydi. Bunda chegarada ustuvorlikka ega bo‘lgan tovarlar va transport vositalari haqidagi ma’lumotlar inobatga olinadi.

Haydovchilar Bojxona qo‘mitasi veb-saytidagi maxsus bo‘lim orqali elektron navbatda joy band qilishlari mumkin. Buning uchun ro‘yxatdan o‘tish, elektron shaklni to‘ldirish, oferta shartnomasi shartlarini o‘qib chiqish va qabul qilish talab etiladi.

Haydovchi va transport vositasi haqidagi ma’lumotlar tizim tomonidan tekshiriladi. O‘zbekiston fuqarolarining arizalari kelgan taqdirda, tekshiruv avtomobilning qidiruv bazalarida yo‘qligini va majburiy avtosuqtaning mavjudligini o‘z ichiga oladi.

Ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, ariza beruvchi bojxona nazoratidan o‘tish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan shtrix-kodli talon oladi. Arizani unda ko‘rsatilgan vaqt boshlanishidan oldin bekor qilish mumkin.

Bojxona postlarida haydovchilar uchun pullik kirish imkoniyati bilan kutish hududlari tashkil etiladi. Hudud kamida 100ta avtomobilga mo‘ljallangan bo‘lishi, shuningdek, dam olish xonasi, oshxona, hojatxonalar, savdo shoxobchalari, avtoservis va avtoyuvish xizmatlarini o‘z ichiga olishi kerak.

Bundan tashqari, bojxonadan tezkor o‘tish (Fast Track) tartibi tasdiqlandi. Buning uchun postlarda maxsus yo‘laklar va VIP zallar tashkil etiladi.

“Fast Track” narxi har bir kishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15%ini (56 250 so‘m) tashkil etadi. To‘lov mobil ilovalar orqali yoki bank xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida amalga oshiriladi.

VIP-yo‘lakda joy band qilish bir yil davomida amal qiladi. Xizmat foydalanuvchilari oziq-ovqat barlari, Wi-Fi tarmoqli dam olish xonalari, ibodat xonalari va boshqa qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda ayrim bojxona yig‘imlari pasaytirilishi haqida yozgandi.

Kurerlik jo‘natmalari uchun alohida yig‘im stavkasi joriy etiladi. Bu 1 kg jo‘natma uchun BHMning 2%ini — 7 500 so‘mni tashkil etadi.