3-fevral kuni “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

Qonun oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi hamda aholining oziqlik qimmatiga ega mahsulotlar bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

Vazirlar Mahkamasi oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, hukumat O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelganda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni belgilaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qo‘llab-quvvatlash maqsadi mamlakat aholisining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini mahalliy mahsulot va xomashyo ishlab chiqarish hisobiga qanoatlantirishga qaratilgan.

Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlariga asosan har 3 yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach — avgust oyidan kuchga kiradi.

Avvalroq aholi tomorqasida oziq-ovqat yetishtirishni moliyalashtirishga 5 trln so‘m yo‘naltirilishi haqida xabar berilgandi. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha alohida kengash tuzilib, uning tarkibida “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etiladi.