31-yanvar kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan bojxona yig‘imlarining yangi stavkalari tasdiqlandi.

Bu bojxona yig‘imlari stavkalarini JST qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadida amalga oshirildi hamda yig‘imlar miqdori bojxona organlari tomonidan harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning taxminiy qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.

Tovarlarni eksport va reeksport bojxona rejimlariga joylashtirish uchun to‘lovlarning alohida stavkalari bekor qilinmoqda. Ular uchun tovarni rasmiylashtirishda yig‘imlarning umumiy stavkalari amal qiladi, ular o‘z navbatida qayta ko‘rib chiqildi.

Bojxona yig‘imlari stavkasi tovarlarning bojxona qiymatidan boshlab $60 mingdan kamaytiriladi. Batafsil quyida keltirilgan:

Tovarning bojxona qiymati
Amaldagi stavka
Yangi stavka
$10 gacha
BHMning 1 baravari (375 ming so‘m)
$10 mingdan $20 minggacha
1,5 BHM (562 500 so‘m)
$20 mingdan — $40 minggacha
2,5 BHM (939 500 so‘m)
$40 mingdan — $60 minggacha
4 BHM (1,5 mln so‘m)
$60 mingdan — $100 minggacha
8 BHM (3 mln so‘m)
7 BHM (2,625 mln so‘m)
$100 mingdan — $200 minggacha
15 BHM (5,625 mln so‘m)
10 BHM (3,75 mln so‘m)
$200 mingdan — $500 minggacha
30 BHM (11,25 mln so‘m)
15 BHM (5,625 mln so‘m)
$500 mingdan — $1 mlngacha
58 BHM (21,75 mln so‘m)
20 BHM (7,5 mln so‘m)
$1 mln va undan ortiq
75 BHM (28,125 mln so‘m)
25 BHM (9,395 mln so‘m)

Tovarni tranzit, bojxona hududida qayta ishlash va bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlariga joylashtirish uchun alohida stavka butun deklaratsiya uchun BHMning 25%ini (93 750 so‘m) tashkil etadi. Hozirda BHMning 50%i birinchi varaq uchun va 25%i har bir keyingi varaq uchun undiriladi.

Shuningdek, xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun alohida yig‘im stavkasi joriy etiladi. Bu 1 kg yuk uchun BHMning 2%iga (7 500 so‘m) teng bo‘ladi.

Bojxona deklaratsiyasini ishdan tashqari, dam olish va bayram kunlari rasmiylashtirganlik uchun yig‘im 8 barobarga kamaytiriladi. Ya’ni, bu BHMning 25%ini tashkil etadi.

Shu bilan birga, bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar va transport vositalari uchun belgilangan yetkazib berish muddati o‘tkazib yuborilgani uchun yig‘im belgilanmoqda.

Bunda avtomobil va havo transporti uchun yig‘im har bir kun uchun BHMning 1 baravarini tashkil etadi. Temir yo‘l tranziti uchun 2028-yilgacha BHMning 10%i (37 500 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi, shundan so‘ng umumiy stavkaga keltiriladi.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach — 2025-yilning may oyidan kuchga kiradi.

Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev “ayrim turdagi tovarlar” eksportiga cheklovlarni bekor qilish va yuqori reytingga ega biznes uchun bojxona imtiyozlarini joriy etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgandi.