O‘zbekistonda chetdan olib kelinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshirilmoqda.
Bu haqda hukumatning 31-yanvar kuni qabul qilingan “Elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.
Hujjat bilan elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari (TIF TN kodi 8703 80) ga nisbatan utilizatsiya yig‘imining yangi miqdorlari belgilanadi. Gibrid avtomobillar bundan mustasno.
Yig‘imlar elektromobillarning ishlab chiqarilgan yiliga qarab, quyidagicha belgilanadi:
- ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun — BHMning 120 baravari (45 mln so‘m);
- ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan — BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m).
Amalda utilizatsiya yig‘imi miqdorlari ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan elektromobillar uchun BHMning 30 baravarini (11,25 mln so‘m) hamda 3 yildan oshganlari uchun BHMning 90 baravarini (33,75 mln so‘m) tashkil etadi.
Hujjat bilan yig‘imlarning oshirilgan miqdorlari joriy yilning 1-mayidan boshlab kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda utilizatsiya yig‘imlarini yig‘ish hamda ulardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqishi kerak.
2024-yilning oktabrida O‘zbekistonda elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish taklif qilingandi. To‘lov tayyor mahsulotlarni import qiluvchilardan yoki mahalliy akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan undirilishi belgilangan. Uning miqdori esa 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha bo‘lishi kerak edi.
Avvalroq 2024-yilda O‘zbekiston $1,28 mlrdlik avtomobillar import qilgani haqida xabar berilgandi. Yetkazib berishning 80%dan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rinda Janubiy Koreya turibdi.