Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni aholi bandligini ta’minlash va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2025-yil 5,2 mln aholini band qilib, 1,5 mln odamni kambag‘allikdan chiqarish, $42 mlrd xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni $30 mlrddan oshirish hisob-kitob qilingan.
Yanvar oyida 277 ming fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 153 mingi esa tadbirkorlikka jalb qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 32 ta yo‘nalishda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Vazirlik va hokimliklar mutaxassislaridan iborat guruhlar Xitoyga borib, tajriba almashib keldi. Endi joylardagi imkoniyatlar aholiga tushuntirilib, daromad topishga ko‘maklashiladi.
Bu yil qariyb $14 mlrd 8 mingta loyihani amalga oshirib, 272 mingta doimiy ish joyi yaratish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan oyda mamlakatga $3 mlrd xorijiy investitsiya kelgan. Fevral oyida ham shu miqdorda investitsiya olib kelish, 623 ta loyihani ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda loyihalar bo‘yicha manzilli ishlab, sur’atni keskin oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Yil boshidan buyon eksport hajmi $1,3 mlrdga yetgan. Mutasaddilarga xorijiy hamkorlar bilan ishlab, tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashish, yangi korxonalarni eksportga jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaygani haqida xabar berilgandi. 2024-yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafar aholiga kamaydi.