“Jibek joli” poyezdi sayyohlari Qozog‘iston va O‘zbekistonda Navro‘z bayramini nishonlashlari mumkin, deya xabar berdi “Astana TV”.
Uchinchi transchegaraviy safar 2025-yil 20−25-mart kunlari rejalashtirilgan. Bu safar temir yo‘l sayohati yo‘nalishiga Taraz shahri ham kiritilgan.
“Olmaota-Turkiston-Toshkent-Samarqand-Taraz-Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro turning davomiyligi besh kunni tashkil etadi. Sayohatchilar qadimiy shaharlar muhitiga sho‘ng‘ib, Ipak yo‘lining ma’naviy merosi bilan tanishish, ikki mamlakatning diqqatga sazovor joylarini kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, sayyohlar sharqona mehmondo‘stlik muhiti bilan tanishishlari mumkin. Tur dasturiga etnoovuldagi bayram tadbirlari — konsert dasturi, milliy marosimlar va an’anaviy taomlarni tatib ko‘rish kiradi.
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida professional gid hamrohligi, zamonaviy vagonlarda qulay yashash sharoiti, ovqatlanish va ekskursiya tashkil etilgan.
“Jibek joli” temir yo‘l safari “Yo‘lovchilar tashish” kompaniyasi tomonidan “Kazakh Tourism” bilan hamkorlikda tashkil etildi. Birinchi tarkib noyabr oyida Olmaotadan Toshkentga 4 kunlik safarini amalga oshirdi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston “Jibek joli” sayyohlik poyezdi yo‘nalishini Samarqandgacha uzaytirishga kelishib oldi. Poyezd 3-yanvar kuni Olmaotadan ikkinchi reysiga jo‘nab ketdi. 100 dan ortiq sayyoh Turkiston, Toshkent, Samarqandga, ortga qaytishda esa Chimkentga tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi temir yo‘lni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.