Avvalroq prezident aholi bandligini ta’minlash va investitsiyalar jalb qilish ishlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yanvar oyida 21 mingdan ortiq oila kambag‘allikdan chiqarilganini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, bu fuqarolarning tomorqalaridan foydalanishlari natijasida amalga oshirilgan. Shu bilan birga, vazir foydalanilmayotgan zaxira yerlari ko‘pligini ta’kidladi.
Bu bo‘yicha 1-martgacha 850 dan ortiq mahallalarning suv ta’minotini yaxshilash topshirildi. Buning uchun 250 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, uning doirasida ariq tortish, nasos uskunalarini o‘rnatish amalga oshiriladi.
Jamshid Qo‘chqorov yig‘ilishda aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish vazifasi yuzasidan vazifalar belgilab berilganini, bu bo‘yicha mahallalarga banklar jalb qilinishini ta’kidlab o‘tdi.
“Hozirda har to‘rtta mahallaga bittadan mahalla bankiri biriktirilgan. Jami 2,5 mingga yaqin mahalla bankirlari [jalb qilindi]. Biz ularning faoliyatini tezroq ishga qo‘yishimiz kerak”, — dedi u.
Bundan tashqari, aholi tomorqalaridagi ishlarni tashkil etish vazifasi hokim yordamchilariga yuklatilmoqda. Qo‘chqorov har bir mahallaga bekitilgan hokim yordamchilarining 95%i iqtisodchi ekanini ta’kidlab, ularni “katta kuch” deya baholadi.
Endilikda ular tomorqalardagi ekin ekish jarayonlari haqidagi ma’lumotlarni “online-mahalla.uz” platformasiga kiritib boradi. 1-martdan mazkur platformada bu haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
“Prezidentimiz hududlarda bajarilayotgan ishlarning to‘g‘riligini nazorat qilishni qa’ti topshirdi. Amalda bandligi ta’minlangan aholi haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligini Soliq qo‘mitasi bazasidagi ularga ajratilgan ish haqi va to‘langan soliqlari borasidagi ma’lumotlar orqali aniqlasak, endi unga Hisob palatasi ham jalb qilinadi”, — dedi vazir.
Bunda, Hisob palatasi joriy yilning fevral oyidan boshlab ma’lumotlarni o‘rganadi. Jamshid Qo‘chqorov bu orqali hududlarda ishlarni tegishli tartibda tashkillashtirish mumkinligini ta’kidladi.
2024-yilning dekabr oyida prezident “mahalla bankirlari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini ma’qullagandi. Ular joylarda tadbirkorlik imkoniyatlarini o‘rganib, fuqarolar bilan birgalikda biznes-rejalar tuzishi, kredit berish, biznesni yo‘lga qo‘yish, mahsulot sotishda ko‘maklashishi kerak.
Yil boshida 1-fevralgacha tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlanishi belgilandi. Har bir mahallada ularning “yordamchi-agentlari” tayinlanadi.
Undan keyin O‘zbekistonda birinchi “mahalla bankirlari” ish boshladi. Xususan, Toshkent viloyatida 264 ta shtat ochilib, joylarda yordamchi agentlarni tanlash jarayoni davom etdi.
Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaygani haqida xabar berilgandi. 2024-yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafar aholiga kamaydi.