O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati oshirildi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

2024-yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan iste’mol narxlari indeksidan kelib chiqib, 2025-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi.

2024-yilda energiya narxlari oshishi sabab minimal iste’mol xarajatlari 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mga oshirilib, qayta ko‘rib chiqilgandi. 2025-yilda 1-apreldan elektr va gaz tariflarini oshirish rejalashtirilgan.

Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal iste’mol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Avvalroq 2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaygani haqida xabar berilgandi.

Kambag‘al aholi soni 719 ming nafarga kamayib, 3,3 mlnni tashkil etdi. Aholining real daromadi 10,7% ga o‘sib, jon boshiga oyiga o‘rtacha 2,1 mln so‘mdan to‘g‘ri keldi.

Ular tarkibining asosiy qismi ish haqi, tadbirkorlikdan olingan mablag‘lar hamda pensiya va subsidiyalardan iborat.


Avvalroq “Spot” yanvarda oylik va yillik inflyatsiya 2023-yildan beri eng yuqori darajaga yetgani haqida yozgandi.

O‘tgan oyda sabzavotlar narxi eng ko‘p oshgan bo‘lsa, sut mahsulotlari va tuxum narxi arzonlashgan.