Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha 30 dan ortiq xalqaro kompaniya qiziqish bildirgan. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Avvalroq prezidentga mazkur magistral qurilishi loyihasi bo‘yicha hisobot berilgandi. Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan 314 km uzunlikdagi yo‘l qatnov vaqtini 5 soatdan 3 soatgacha qisqartiradi. Shu bilan birga, u YIMni 2,6% ga oshirib, avtohalokatlarni 40% ga kamaytirishi mumkin.

Mahkamov ikki bosqichdan iborat tender jarayonlari orqali “salohiyatli kompaniyalardan yirik va yaxshisi” tanlab olinishini, qurilish ishlari 2025-yilda boshlanishini ta’kidladi.

“Uzunligi 300 km bo‘lgan, 6 tasmali Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hujjat ishlari yakunlandi. Hozirda tender ishlarini amalga oshiryapmiz. Bu loyiha qurilishini ham joriy yilda boshlash ko‘zda tutilgan”, — dedi vazir.

Prezident barcha tender jarayonlarini qoidalarga to‘liq amal qilgan holda, ortiqcha vaqt sarflamasdan olib borishni hamda qurilish ishlarini tezroq boshlashni topshirdi.

Yanvar oyida Transport vazirligi Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender e’lon qildi. “Meridiam” investitsiya kompaniyasi mazkur yo‘l qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda.

O‘zbekistonda pulli yo‘l

2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.

Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha $2,5 mlrdga baholangan. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2024-ning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘l loyihasining TIA ishlari yakunlanishini, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida, Toshkent-Andijon yo‘lini esa 2026-yilda boshlash belgilangandi.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.

314 km uzunlikdagi Toshkent-Andijon yo‘lining 64%i yangidan qurilishi, 36%i esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘lib, uning qurilish muddati 6 yildan ortiqni tashkil etadi.

Oktabr oyida davlat rahbari har ikkala pullik avtomobil yo‘llari loyihalarini tezlashtirishni topshirib, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligini qayd etgandi.