Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni yirik transport infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda mamlakatda yangi avtomobil yo‘llarini tashkil etish rejalari belgilangani, jumladan, Jahon banki ishtirokida Toshkent-Andijon pullik yo‘li loyihalashtirilgani qayd etildi.
Mazkur magistralning umumiy uzunligi 314 km.ni tashkil etib, uning foydalanishga topshirilishi Toshkentdan Andijonga yetib borish vaqtini 5 soatdan 3 soatgacha qisqartiradi.
Bundan tashqari, bu pulli yo‘l yalpi ichki mahsulotni 2,6% ga oshirib, avtohalokatlarni 40% ga kamaytirishi mumkin.
Yanvar oyida Transport vazirligi Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender e’lon qildi. Loyiha doirasida Toshkentdan Qamchiq dovonigacha 171 km masofada trassa qurilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda tender doirasida qisqa vaqtda ko‘plab xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgani ta’kidlandi. Xususan, “Meridiam” investitsiya kompaniyasi Toshkent-Andijon pullik yo‘li qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda.
Transport vazirligiga yuklamasi ko‘p boshqa yo‘llarda ham muqobil magistrallar qurish, yo‘llarda qulaylik va xavfsizlikni kuchaytirish, turli pullik xizmatlarni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, davlat rahbariga BAAning “AD Ports Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida “quruq port” tashkil qilish loyihasi to‘g‘risida ham axborot berildi.
O‘zbekistonda pulli yo‘l
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi mumkin.
Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Qurilish jarayoni 2024-yilning dekabridan boshlanishi kerak edi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasi Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilishga qiziqish bildirgan. Biroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning fikricha, bunda muqobillik ta’minlanishi shart.