Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yirik transport infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha hisobot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida unda Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasi yuzasidan ham hisobot berilganini qayd etdi.

Vazirning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston, Afg‘oniston hamda Pokistondan o‘tuvchi mazkur temir yo‘l liniyasi Erongacha uzaytiriladi. Mavjud 80 km uzunlikdagi magistralni uzaytirib, temir yo‘lni Pokiston va Eron portlariga chiqish ko‘zda tutilgan.

“O‘tgan yil oxirida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berildi. Joriy yilda Transafg‘on temir yo‘li qurilishini boshlash rejalashtirilgan” — dedi Transport vaziri.

Bundan tashqari, u mazkur loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirgan donor kompaniyalar bilan birgalikda ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish tashabbusi 2018-yilda ilgari surilgan. 2021-yil boshida “Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor” temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi loyiha $4,8 mlrdga baholangan.

2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. 2023-yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.

Iyulda tomonlar loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqdilar. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilga belgilangan.

2023-yilning dekabrida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi qariyb $7 mlrdga baholandi. Qurilish “Build — Operate — Transfer” (qurilish-ekspluatatsiya-yo‘naltirish) formatida DXSh asosida amalga oshirilishi mumkin.

O‘tgan yilning may oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev transafg‘on temiryo‘li Yevroosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynashini qayd etgandi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Tovar yetkazib berish muddati 35 kundan 5 kungacha qisqaradi, yetkazish narxi esa kamida 40%ga pasayadi.

Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston Xayraton-Mozori-Sharif temir yo‘li bo‘yicha shartnomani uzaytirishi haqida xabar berilgandi.