“O‘ztemiryo‘lkonteyner"ga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

21-yanvar kuni “O‘ztemiryo‘lkonteyner” kuzatuv kengashi tomonidan o‘tkazilgan majlisda qabul qilingan qaror bilan Mirhamidov Mirziyod Qudratovich “O‘ztemiryo‘lkonteyner” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.

Mirziyod Mirhamidov 1990-yil 3-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 2011-yilda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” Chuqursoy ishlab chiqarish uchastkasida yuk qabul qilib topshiruvchisi, Ekspeditorlik bo‘limida muhandis lavozimlarida boshlagan.

Bundan tashqari, uning O‘zbekistondagi bir nechta transport-logistika kompaniyalarida yuqori lavozimlarda ishlagani va logistika yo‘nalishida katta tajriba orttirgani qayd etilgan.

Mirziyod Mirhamidov “O‘ztemiryo‘lkonteyner” boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangunga qadar “First Dry Port Terminal” kompaniyasida direktori bo‘lib ishlab kelgan.

2024-yilning noyabr oyida “Cotton Logistics” kompaniyasi “O‘ztemiryo‘lkonteyner"ning 35% aksiyalarini 200 mlrd so‘mga sotib oldi, bu lotning baholangan qiymatidan yuqori narxdir. Xaridor “O‘ztemiryo‘lkonteyner"ning korporativ boshqaruv tizimlarini yangilash, biznes jarayonlarini raqamlashtirish hamda tariflar va tashish xarajatlarini kamaytirishni rejalashtirgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Cotton Logistics” 2015-yilda tashkil etilgan hamda uskunalar va mashinalar lizingi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav fondi 16,74 mlrd so‘mni tashkil etadi, uning 100% ulushi Yekaterina Shuravinaga tegishli.

Kompaniya haqida

“O‘ztemiryo‘lkonteyner” 2002-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning ixtisoslashgan sho’ba korxonasi sifatida tashkil etilgan. U O‘TY konteyner parkini boshqaradi va O‘zbekiston bo‘ylab konteynerlarda yuk tashishni tashkil etish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatadi.

2023-yil bahorida prezident tomonidan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturida O‘TYga tegishli ulush “O‘ztemiryo‘lkonteyner"ga sotilishi belgilangan. Konteyner parki operatorining 4% aksiyasini “xalq IPO"si orqali sotish rejalashtirilgan.

Kompaniya ustav kapitalidagi 35% ulushni sotib olish uchun arizalarni qabuli 2023-yilning sentabrida boshlangandi, biroq bir oydan kamroq vaqt o‘tgach, Davaktiv agentligi O‘TY qayta tashkil etilishi sababli jarayonni to‘xtatdi. 2024-yilning iyul oyida kompaniya aksiyalarining 35%ini sotish jarayoni qayta boshlangan.

2023-yilning dekabrida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” negizida “Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Uning bosh direktori etib Abdusamat Muminov tayinlandi.

Avvalroq “Spot” Transport vaziri 2025 yilda Transafg‘on magistrali qurilishi boshlanishini e’lon qilgani haqida yozgandi.