Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish va tarmoqqa investitsiyalar jalb qilishda qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim yaratiladi.

Bunda yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion"da savdolarga chiqariladi.

Elektron onlayn auksionda yashash joyi, tashkiliy-huquqiy shakli va boshqa yer uchastkasi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin.

Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi — ijaraga oluvchi Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • yer uchastkasidan 49 yil ijara huquqi asosida foydalanish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil ravishda belgilash;
  • yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;
  • dala chetida 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni joylashtirish.

Tizim birinchi bosqichda 2025-yil bahorgi ekish mavsumigacha belgilangan hududlarda tuman hokimliklari tasarrufida turgan, 2025-yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish nazarda tutilmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida joriy etiladi.

Uning samaradorligi muntazam tahlil qilinib, zaruratga asosida tizimni 2025-yilgi kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarga ham tatbiq etish bo‘yicha taklif kiritib boriladi.

Shuningdek, farmon bilan “Qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi”, belgilangan hokimliklar huzurida esa “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” davlat korxonalari tashkil etiladi.

Organik mahsulotlar yetishtirish uchun Global G.A.P, GMP, FSCC, HACCP, Halal, Organic va boshqa xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarni olgan dehqon, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun 2028-yilgacha yer solig‘i 50% miqdorida to‘lanadi.

30-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oxirgi uch yilda 260 ming gektar yer aholiga bo‘lib berilgani, bu tartib takomillashtirilishi ma’lum qilingandi. Xususan, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida bo‘sh turgan 3 300 gektar yerning ijarasi yangi tartibda beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonning 7 ta viloyatida yaylov xo‘jaliklari tashkil etilishi xabar berilgandi. Ulardagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30 yilga ijaraga beriladi.