Avvalroq qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibini o‘zgartirish belgilanmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Soliq qo‘mitasi bilan 2026-yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda buni inobatga olish topshirildi.

Vazirlik ishlarni joriy yilning 1-iyuligacha xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda amalga oshirishi kerak. Unda xalq deputatlari Kengashlari qarorlari bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari uchun yer solig‘i stavkalariga nisbatan oshiruvchi va pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash belgilanadi.

Ijaraga berilgan yer uchastkasining normativ qiymati va tuproq bonitet bali oshganda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdori o‘zgarishsiz qoladi. Bunda tadbirkorga ijaraga berilgan paytdagi normativ qiymatga asosan soliq hisoblanadi.

Agar ijaraga berilgan yerning yuqoridagi ko‘rsatkichlari tushib ketsa, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdori mutanosib ravishda uch baravargacha oshiriladi.

Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritgan holda sotilgani tasdiqlangan mahsulot hajmi yer uchastkasining normativ hosildorligiga mos bo‘lsa, yer solig‘i belgilangan bazaviy stavkada hisoblanadi. Mahsulot hajmi normativ hosildorlikka nisbatan ko‘p yoki kam bo‘lganda esa, yer solig‘iga mos ravishda kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, hujjat bilan Adliya vazirligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Oliy sud bilan bir oyda iqtisodiy holati og‘ir bo‘lgan xo‘jaliklar tomonidan yerdan va kreditlardan foydalanishdagi muammolarni o‘rganib, bu holatda yer uchastkasida mahsulot yetishtirilishini ta’minlash imkoniyatlari yuzasidan taklif kiritishi belgilandi.

Raqobat qo‘mitasiga ikki oy ichida barcha turdagi yerlarni onlayn auksionda sotishda narxlarning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmlarining samaradorligi, boshlang‘ich narxni shakllantirish va tushgan to‘lovlarni taqsimlash bo‘yicha qoidalarning asosliligini o‘rganib, natijalari bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

30-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi o‘zgartirilishi ma’lum qilingandi.