Toshkent bozorlarida sotuvchilardan undiriladigan bir martalik yig‘imlar miqdorini oshirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasi poytaxt hokimligi tomonidan e’lon qilindi.

Hujjat dehqon bozorlari va savdo komplekslaridagi joylarning ijara to‘lovi hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatining yangi miqdorlarini belgilaydi. Shuningdek, unda tarozilar, aravachalar va boshqa inventarlarni ijaraga olish, tovarlarni omborlarda va muzlatgichlarda saqlash uchun to‘lovlar miqdori belgilanmoqda.

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun ijara stavkalari 20−27% ga oshiriladi. Sabzavotlar (issiqxona bodringlari va pomidorlardan tashqari), ko‘katlar va non bundan mustasno, ular uchun narxlar 10% ga qimmatlaydi.

Sergeli avtomobil bozorida joy ijarasi o‘rtacha 25−30% ga oshirilmoqda. Shu bilan birga, yengil avtomobil, mototsikl yoki motoroller sotish joylari ijarasi uchun yig‘imlar taxminan 20% ga oshiriladi.

“O‘rikzor” bozorida stavkalarni 30% ga oshirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, “Poliz mahsulotlari”, “Gilamlar olami”, “Iste'mol mahsulotlari” hamda “Qurilish mollari” shoxobchalaridagi savdo do‘konlari uchun pasaytirilgan to‘lov stavkalarini bekor qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, bozorlar va savdo komplekslari balansida bo‘lgan bino va inshootlar ijarasi uchun to‘lov stavkalari 30% ga oshiriladi. Majburiy xizmatlar (tozalash va muhandislik kommunikatsiyalarini saqlash) uchun to‘lovlar uchun ham shunday oshirish nazarda tutilmoqda.

Qaror loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Hujjat muhokamasi 7-fevralgacha davom etadi.

Avvalroq Qurilish vazirligi “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazi qurilishi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirgandi.