2024-yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bo‘yicha tuzilgan bitimlar soni biroz kamaydi. Bu haqda Markaziy bankning Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish departamenti tomonidan o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori tahlilida keltirilgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2024-yilda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik — oldi-sotdi segmentida ham, ijara segmentida ham oldingi yillardagi jadal sur’atlardan so‘ng biroz tuzatishlarni ko‘rsatdi.
Aksariyat hududlarda faollik yo pasaygan yoki avvalgi yillar darajasida saqlanib qolgan. Natijada ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab barqarorlashdi va uy-joy narxlari ancha mo‘tadil sur’atlarda o‘sdi.
Oktabr-dekabr oylarida bozor faolligi biroz tezlashib, uchinchi chorakdagi o‘rtacha o‘sish davom etdi. Masalan, to‘rtinchi chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar soni 81,8 mingtani (+5,6%) tashkil etdi. Biroq, o‘tgan yili tuzilgan oldi-sotdi bitimlari soni 2,2% ga — 329 ming donaga kamaydi.
Navoiy, Toshkent, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bitimlar sonining pasayishi davom etdi. Sirdaryo, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida faollik deyarli 2023-yildagi darajada saqlanib qoldi. Boshqa hududlarda esa biroz o‘sish kuzatildi.
Markaziy bankda qayd etilishicha, to‘rtinchi chorakda ko‘chmas mulk bilan tuzilgan shartnomalar sonining oylik dinamikasida ijobiy o‘sish sur’atlariga o‘tish kuzatilgan.
“Ko‘chmas mulk bozorida talab va faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy ijtimoiy-demografik va iqtisodiy omillar saqlanib qolganiga qaramay, o‘tgan yili ipoteka kreditlari o‘sishining nisbatan past sur’atlari, uy-joy qurilishi va foydalanishga topshirishning nisbatan yuqori o‘sishi hamda talabning biroz to‘yinishi ko‘chmas mulk narxlarining shakllanishida ustunlik qildi va uy-joy narxining o‘sish dinamikasiga pasaytiruvchi hissa qo‘shdi”, — deya xulosa qildi Markaziy bank tahlilchilari.
2024-yilda O‘zbekistonda ipoteka krediti oluvchilar soni 16% ga kamayib, 58,8 ming kishini tashkil etdi. Kreditning o‘rtacha miqdori 18% ga o‘sib, 290 mln so‘mdan oshdi. Birlamchi bozor ulushi ortdi, ipoteka oluvchilar orasida yoshlar ulushi kamaydi.
Avvalroq prezident noqonuniy qurilish holatlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirishni topshirgani haqida xabar berilgandi.